Regbi-7 jamoalari “Talabalar ligasi” finalida bahslashdi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti sport maydonida regbi-7 bo‘yicha o‘tkazilgan “Talabalar ligasi” musobaqalarining respublika final bosqichi mahoratli sportchilarni aniqlash bilan birga, terma jamoaga munosib nomzodlarni saralash vazifasini o‘tadi.
Qiziqarli bahslarga boy turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan saralangan eng kuchli oliy ta’lim muassasalari jamoalari bosh sovrin uchun o‘zaro raqobatlashdi.

Musobaqaning respublika bosqichida 24 ta jamoa, shundan 14 ta erkaklar hamda 10 ta ayollar jamoasi g‘oliblik uchun maydonga tushdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston regbi federatsiyasi, Talabalar sporti assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida yuqori saviyada tashkil etilgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, ayollar o‘rtasida Xorazm viloyati talaba-yoshlari, yigitlar o‘rtasida esa Toshkent shahri regbichilari bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA