Rasman: Ilgiz Tantashev JCH-2026da ishlaydigan hakamlar ro'yxatiga kiritildi
Joriy yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar Shimoliy Amerika qit’asining uch mamlakati — AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida yurtimiz vakillari katta tarkib bilan ishtirok etadi.
FIFA mundialda faoliyat olib boradigan rasmiylar ro‘yxatini e’lon qildi. Quvonarlisi, ushbu ro‘yxatdan Ilgiz Tantashev boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi ham joy oldi. Qanotlarda unga Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin hamrohlik qiladi.
Shu tariqa, Tantashev afsonaviy Ravshan Ermatovdan so‘ng mundialda bosh hakam sifatida ishlaydigan ikkinchi o‘zbekistonlik referiga aylanadi. Ma’lumot uchun, Jahon chempionatiga jami 52 nafar referi, 88 nafar qanot hakami va 30 nafar VAR hakami tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Jahon chempionatida ilk bor Fabio Kannavaro boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi. «Oq bo‘rilar» guruh bosqichi bahslarini Meksika va AQSH maydonlarida o‘tkazishadi. Terma jamoamizning taqvimi bilan tanishing:
1-tur: O‘zbekiston — Kolumbiya
2-tur: O‘zbekiston — Portugaliya
3-tur: O‘zbekiston — Kongo DR