III “Lazgi” xalqaro raqs festivali oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Bugun Xivaning “Ichan-Qal’a” majmuasida OAV vakillari uchun III “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda 100 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy OAV vakillari qatnashdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari, vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sirojiddin O‘sarov festivalning asosiy tadbirlari bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi va festival bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni berdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori Shuhrat Toxtasimov, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi professori va filologiya fanlari doktori Hulkar Hamrayeva ishtirok etib, OAV vakillarining savollariga javob berdi.
Matbuot anjumanida “Lazgi” xalqaro raqs festivali 2022-yildan buyon YUNESKO shafeligida o‘tkazib kelinayotgani, 2026-yildan boshlab esa TURKSOY xalqaro tashkiloti ham mazkur nufuzli tadbir shafeligiga qo‘shilgani haqida ma’lumot berildi.
[gallery-29014]
Shuningdek, festival dasturidan “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, O‘zbekiston va Turkiya madaniy qo‘shma komissiyasining III yig‘ilishi, TURKSOYga a’zo davlatlarning san’at va raqs sohasidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III yig‘ilishi, “Turk dunyosining an’anaviy raqsi antologiyasi” mavzusidagi konferensiya hamda etnomadaniy forumlar o‘rin olgani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, 26-28-aprel kunlari festival doirasida dunyoning 12 ta davlatidan 25 ta jamoa raqs tanlovida o‘zaro bellashadi.
Ta’kidlanganidek, tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qo‘mita tomonidan 7 nafardan iborat xalqaro hakamlar hay’ati shakllantirilgan. Shuningdek, tanlov g‘oliblari diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzodbek Saidov (surat), O‘zA muxbirlari