Raqamli ta’lim davrida pedagogning roli
Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida “Ta’limda innovatsiyalar, investitsiyalar va intellektual salohiyat: muammolar, tahlillar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Bugungi kunda yurtimizda ta’limni jamiyat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida rivojlantirish, uni zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish, pedagoglarning kasbiy mahorati va intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki yangi davr ta’limi nafaqat bilim berish, balki mustaqil fikrlaydigan, raqamli texnologiyalardan samarali foydalana oladigan, yangilikka intiladigan va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan shaxsni tarbiyalashni taqozo etmoqda.
Anjuman doirasida bugungi ta’lim islohotlarining muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, ta’limga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, xorijiy tajribalarni o‘rganish va milliy ta’lim amaliyotiga moslashtirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, ta’lim sifatini baholashning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish kabi masalalar bugungi kunning muhim vazifalaridandir.

– Hozirgi global o‘zgarishlar sharoitida ta’lim tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish oddiy texnik yangilanish emas, balki ta’lim mazmuni va usullarini tubdan takomillashtirish omili sifatida namoyon bo‘lmoqda, – deydi viloyat pedagogik mahorat markazi direktori O‘ktamjon Mardonov. – Sun’iy intellekt, raqamli ta’lim platformalari, elektron resurslar va zamonaviy baholash mexanizmlari o‘quv jarayonini yanada individuallashtirish, ta’lim natijalarini tahlil qilish va boshqaruv qarorlarining samaradorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Biroq raqamlashtirish jarayoni inson omilining ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, bu jarayon pedagogdan yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashni, o‘z ustida muntazam ishlashni, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirishni talab etadi. Shu bois pedagog kadrlarning intellektual va kasbiy salohiyatini rivojlantirish ta’lim islohotlarining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Anjumanda inson kapitali va intellektual salohiyatni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, har qanday islohotning samarasi, avvalo, uni amalga oshiradigan insonlarning bilim, tajriba, tashabbuskorlik va yangilikka ochiqligiga bog‘liq. Zamonaviy maktab, avvalo, zamonaviy fikrlaydigan rahbar va pedagogni talab etadi. Shuning uchun maktab rahbarlarining boshqaruv ko‘nikmalarini takomillashtirish, pedagoglarning metodik salohiyatini oshirish va ular uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish bugungi islohotlarning uzviy qismi sifatida qaralmoqda.

Ta’lim sifatini oshirishda o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi, mustaqil fikrlash qobiliyati, funksional bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjuman doirasida xorijiy ta’lim tajribasiga murojaat etilgani ham ta’lim tizimini takomillashtirishda xalqaro hamkorlikning o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bugun O‘zbekiston ta’lim tizimi dunyodagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish bilan bir qatorda, ularni milliy ta’lim muhiti, milliy qadriyatlar va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tatbiq etishga intilmoqda.
Ta’lim islohotlarining yana bir muhim yo‘nalishi investitsiya va inson kapitali o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlashdir. Ta’limga yo‘naltirilgan har qanday sarmoya, avvalo, kelajakka kiritilgan sarmoya hisoblanadi. Zamonaviy ta’lim infratuzilmasini yaratish, raqamli texnologiyalar bilan ta’minlash, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun sharoit yaratish orqali jamiyatning intellektual salohiyatini oshirish mumkin.

Shu bilan birga, ta’lim tizimidagi islohotlar samaradorligi turli sohalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab etadi. Davlat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, biznes vakillari hamda xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi uzviy hamkorlik yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish, ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ana shunday hamkorlik va ilmiy muloqot uchun samarali maydon vazifasini bajardi. Unda turli hududlar va xorijiy davlatlardan olimlar, mutaxassislar, pedagoglar va ta’lim boshqaruvi vakillarining ishtirok etgani masalalarga turli nuqtai nazarlardan yondashish, ilmiy xulosalar va amaliy takliflarni o‘zaro uyg‘unlashtirish imkonini berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri