O‘zbekiston va Koreya: yuqori texnologiyalar sohasida kadrlar salohiyati oshirilmoqda
Bugun, 14-sentabr kuni Koreya Respublikasidagi “Soongsil University” oliygohida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun IC Design va APT yo‘nalishlarida tashkil etilgan qo‘shma intensiv malaka oshirish dasturining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov, “Soongsil University” vitse-prezidenti Mun Yon hamda “MetaOnTech” kompaniyasi bosh direktori De Bong so‘zga chiqib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida fikr bildirdi.
Tadbirda zamonaviy yarimo‘tkazgichlar sanoati uchun malakali kadrlar tayyorlash, Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish, IC Design va APT yo‘nalishlarida milliy kompetensiyalarni rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasida texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur dasturda 20 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis ishtirok etmoqda. Ular 15-sentabrdan 14-noyabrga qadar yarimo‘tkazgichlar sohasida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshiradi.
Dastur O‘zbekistonda yuqori texnologiyalar sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning zamonaviy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda Koreya bilan texnologik hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA