“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli xizmatlarni joriy qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasidan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining yer ijara shartnomalariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida agrotexnika tadbirlarining bajarilishini va mahsulot yetishtirishda imtiyozli kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanishni “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi orqali monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda paxta, g‘alla va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish uchun kredit buyurtmanomalarini elektron tarzda shakllantirish, imtiyozli kreditlarning sarflanishini monitoring qilish, shuningdek, agrotexnika tadbirlari prognozini yuritish maqsadida “d-xarid.uz” axborot tizimini Agroportalga integratsiya qilinishini ta’minlashi qarorda belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda uch oy muddatda Agroportal va uning tarkibiga kiruvchi tizimlar orqali ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish va hisobini yuritashga mo‘ljallangan “Agrobilling” axborot tizimini ishga tushiradi.
Mazkur Nizom qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga agrosanoat yo‘nalishida elektron xizmatlarni “yagona nuqta” orqali ko‘rsatishga mo‘ljallangan Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasidan foydalanish tartibini belgilaydi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-son Farmoniga asosan:
“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun sohada xizmat ko‘rsatishning “yagona nuqtasi” sifatida e’tirof etilgani, bunda Agroportal orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ham ko‘rsatilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qishloq xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona operator etib belgilangani;
yagona operator ta’sischiligida “Drone service” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgani hamda unga qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga robototexnika, uchuvchisiz uchadigan apparatlar va boshqa “aqlli” qurilmalar yordamida xizmatlar ko‘rsatish, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini xarid qilish, olib kirish, olib chiqish, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, ta’mirlash, o‘quv va malaka oshirish kurslarini tashkil etishga ruxsat berilgani;
qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar o‘zlariga tegishli yer uchastkalariga ruxsat etilgan foydalanish turlariga asosan (asosiy, takroriy, to‘ssonbosti usulida) ekinlarni joylashtirishga oid ma’lumotlarni Agroportalga kiritib borishlari belgilangan edi.
O‘zA