Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha yangi ilmiy-uslubiy qo‘llanma nashr etildi
Qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida muhim ilmiy-uslubiy qo‘llanma chop etildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligining Agrar sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va raqamlashtirish departamenti mutaxassislari tomonidan tayyorlangan «Axborot tizimlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini konturlar kesimida joylashtirish va monitoring qilish» nomli qo‘llanma sohada raqamli boshqaruvni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Unda «Agroportal» va «CropAgro» axborot tizimlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini dala konturlari bo‘yicha raqamli hisobga olish, ularning holatini muntazam monitoring qilish hamda ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy usullari keng yoritilgan.
Qo‘llanmada kadastr ma’lumotlari, tuproq-meliorativ ko‘rsatkichlar, suv ta’minoti, geografik axborot tizimlari (GIS) va masofadan zondlash ma’lumotlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali ma’lumotlar aniqligi va ishonchliligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, dala konturlarini shakllantirish, ekinlar haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimlariga kiritish va yangilash, rejalashtirilgan hamda amalda ekilgan maydonlarni taqqoslash, foydalanilmayotgan yoki samarasiz ishlatilayotgan yer uchastkalarini aniqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham keltirilgan.
Interaktiv xaritalar va avtomatlashtirilgan tahlil vositalari orqali rahbarlar hamda soha mutaxassislariga tezkor va asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beruvchi yechimlar ham qo‘llanmaning muhim jihatlaridan hisoblanadi.
Mazkur nashr fermer va dehqon xo‘jaliklari, klasterlar, agrofirmalar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, shuningdek, «Agroportal» tizimida faoliyat yurituvchi barcha yer foydalanuvchilari uchun amaliy ahamiyatga ega. Shu bilan birga, davlat tashkilotlari mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talabalar uchun ham qimmatli ilmiy-uslubiy manba sifatida xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA