Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov
Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi(AACC)ning VII Kongressi o‘z ishini boshladi.
“Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov” mavzusiga bag‘ishlangan nufuzli anjumanda 18 davlatdan kelgan Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi huquqshunos olimlar – 100 nafardan ortiq mehmon ishtirok etmoqda.
Anjumanning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kongress ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Hakimova o‘qib eshittirdi.

Tabrikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan surishtiruv va sud-huquq islohotlarida inson huquqlari va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash eng oliy ustuvor yo‘nalish ekani, raqamli texnologiyalar davrida konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish zamon talabiga aylangani alohida ta’kidlangan. Bugungi murakkab davrda jamiyatda konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlashda milliy qonunchilik bilan birga xalqaro tajriba ham muhim ahamiyatga ega ekanligi va shu jihatdan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining faoliyati davlatlar uchun har tomonlama foydali bo‘layotgani qayd etilgan.
Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi (AACC – Association of Asian Constitutional Courts and Equivalent Institutions) – Osiyo mintaqasida konstitutsiyaviy yurisdiksiyani amalga oshiruvchi sudlar va shunga teng vakolatga ega institutlarni birlashtiruvchi mintaqaviy professional hamkorlik maydonidir. Assotsiatsiya 2010-yil iyul oyida Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan va bu haqdagi Jakarta deklaratsiya Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Mongoliya, Filippin, Tailand va O‘zbekiston konstitutsiyaviy yurisdiksiya institutlari tomonidan imzolagan.

Assotsiatsiya Osiyoda demokratiyani rivojlantirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaviy sudlar mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash, a’zo institutlar o‘rtasida konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida tajriba va axborot almashish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan. Tashkilot safi yildan-yilga kengayib bormoqda.
O‘zbekiston Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining asoschi a’zolaridan biri hisoblanadi. 2025-yil noyabridan 2027-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Assotsiatsiyaga raislik qilmoqda.
Kongressning ochilish marosimida Assotsiatsiyaning ayni vaqtdagi prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov mamlakatimiz raisligida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tashkilot oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilayotgan kongress global texnologik transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligi va inson qadr-qimmatini ta’minlashning yangi mexanizmlarini belgilab olish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish yuzasidan o‘zaro tajriba almashish uchun qulay fursat ekanligini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng nufuzli anjumanning birinchi – “Raqamli transformatsiya sharoitida sudyalar mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligi” mavzusidagi yalpi majlis o‘tkazildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov asosiy ma’ruza bilan chiqish qildi. Shuningdek, Hindiston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tailand, Indoneziya, Myanma, Filippin, Rossiya va Ispaniya yurisdiksiyalari vakillari raqamli muhitda konstitutsiyaviy nazoratni samarali tashkil etish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
– Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt bugun hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylandi, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Bakit Nurmuxanov. – Bu insonlar uchun juda katta qulayliklar yaratishi bilan birga, turli xavf va tahdidlarni ham yuzaga keltirmoqda. Bunday sharoitda bizning vazifamiz muvozanatni ta’minlash, insonning shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq va boshqa konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishini kafolatlashdir. Ushbu masalada bugun barcha davlatlar o‘z qonunchiligini takomillashtirmoqda, davr talabidan kelib chiqib, yangi normalar kirityapti, mavjud normalarni yanada mustahkamlayapti. Jumladan, biz ham yaqinda qabul qilingan Qozog‘iston yangi konstitutsiyasida raqamli transformatsiya sharoitida inson haq-huquqlarini samarali himoyalash yuzasidan bir qator konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni amalga oshirdik.
Kongressning birinchi ish kuni davomida Assotsiatsiya Bosh kotiblari va A’zolar kengashining majlislari, Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuvi, delegatsiyalar rahbarlarining ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muloqotlari o‘tkazildi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari