Raqamlashayotgan sud tizimi: adolat sari qo‘yilgan eng ishonchli qadam
O‘zbekistonda sudlar faoliyatini raqamlashtirish, ya’ni inson omilini keskin kamaytirish orqali odil sudlovni amalga oshirish sari muhim qadam qo‘yildi. Bu adolat sari qo‘yilgan eng ishonchli qadamdir.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt departamenti rahbari Jasur Umarov bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida tizimli ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Sud interaktiv xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, ulardan shaxsiy aloqa vositalari orqali va sud binolarida mustaqil foydalanish imkoniyati yaratildi. Sudlarda elektron navbat tizimi ishga tushirildi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga 20 ga yaqin turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. «Adolat» axborot tizimlari kompleksi ishga tushirilib, sud ishlarini ko‘rish tartibi 90 foizgacha avtomatlashtirildi. Fuqarolar tomonidan shaxsiy kabinetdan foydalanib sudlarga 2025 yilda 3 millionga yaqin protsessual murojaat yo‘llandi.
6 millionga yaqin sud qarori rasmiy veb-saytda keng ommaga e’lon qilindi. Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq holatlarni real vaqt rejimida kuzatib borish xizmatidan bir oyda o‘rtacha 82 ming nafar fuqaro foydalanmoqda.
Sud majlislari haqida onlayn tarzda xabardor bo‘lish xizmatidan ham fuqarolar keng foydalanmoqda. Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali orqali Davlat bojlari va sud xarajatlarini elektron tizim orqali to‘lash imkoniyati yaratildi. Sud majlisi ishtirokchilariga sud muhokamalari va uning natijalari haqidagi ma’lumotlar «SMS» xabar orqali yuborilishi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tizim orqali taraflarga 1 million 114 mingta sud chaqiruv qog‘ozi, sud qarori va boshqa sud hujjatlari yuborilgan.
Aholi tomonidan barcha toifadagi ishlar bo‘yicha sudlarga dastlabki murojaatlarni hamda yuqori instansiya sudlariga bo‘ladigan shikoyatlarni elektron yuborish, ishning sudda ko‘rib chiqish bosqichlari va natijalari haqida ma’lumotlarni onlayn bilib borish imkoniyati yaratildi.
Oliy sudning interaktiv xizmatlari portali mobil ilovasi ishga tushirildi. 400 ga yaqin sud majlisi zali videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlandi.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalanish natijasida keyingi ikki yilda yo‘l xarajati bilan bog‘liq 31 milliard so‘m, sudlanuvchini qamoqdan sud binosiga olib kelish bilan bog‘liq davlat byudjetining 130 milliard so‘m mablag‘i tejaldi.
– Sudya va sud xodimlari uchun qanday qulayliklar yaratilgan?
– 2025 yilda 3 milliondan ortiq fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari axborot tizimlari orqali yuritildi. Joriy etilgan axborot tizimlari orqali 17 milliondan ortiq ish sudyalar o‘rtasida inson omilisiz avtomatik ravishda taqsimlandi.
Oliy sud va Majburiy ijro byurosining axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinib, 20 milliondan ortiq ijro varaqasi elektron shaklda ijroga yuborildi. 35 davlat tashkilotining 52 axborot tizimi bilan Oliy sud axborot tizimi integratsiya qilinishi natijasida ma’lumotlar almashinuvi 80 foizga raqamlashtirildi.
Xususan, Personallashtirish agentligidan jismoniy shaxslarning 12 milliondan ortiq pasport (ID) ma’lumotlari elektron shaklda olindi. Sudlarni raqamlashtirish natijasida mehnat sarfi 10 baravarga qisqardi. 2024 yilda sudlarning 27 milliondan ortiq so‘roviga elektron javob olinishi natijasida 229,4 milliard so‘m tejaldi. Ma’lumotlarni olish uchun ketadigan vaqt sarfi esa o‘rtacha 25 kundan bir necha soniyagacha qisqardi.
Sudlarga kelib tushayotgan murojaatlarning 60 foizi elektron tarzda yuborilmoqda. Sudlar tomonidan pochta aloqasi tarmog‘i orqali yo‘llanadigan xat-xabarlar, chaqiruv qog‘ozlari va boshqa hujjatlarni jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berish va yetkazilganini tasdiqlash, ma’lumotlarni saqlash va hisobga olish sohasi to‘liq raqamlashtirildi.
2024 yil 1 noyabrdan boshlab sudlarda ichki hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy qilindi. Keyingi olti oyda 430 mingdan ortiq hujjat elektron tizim orqali aylandi. Natijada sudlarda qog‘oz sarfi keskin kamaytirilib, davlat byudjetidan 3,6 milliard so‘m xarajat qilinishining oldi olindi.
– Axborot va kiberxavfsizlik qanday ta’minlanmoqda?
– Sudning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarining axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ma’lumotlarni kompleks himoya qilish choralari kuchaytirildi. Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar Oliy sudning axborot tizimlariga 150 mingdan ortiq kiberhujum kuzatildi va barchasining oldi olindi. 7 minga yaqin yuqori darajadagi xavf-xatarlar aniqlandi va barchasi bartaraf etildi.
– Davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Mazkur farmon sud sohasini raqamlashtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Shu asosda sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishi bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazilmoqda.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlari oshirilmoqda.
Sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyati yaratiladi. Sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestri yuritiladi.
Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilayotir.
Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi moduli ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. Sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish yo‘lga qo‘yiladi.
– “Raqamli sud” konsepsiyasi qanday imkoniyatlar yaratadi?
– “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sudga ariza berishdan oldin fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlarning hisobini chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Murojaatlar sudga faqatgina elektron shaklda yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmasdan sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi.
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi. Sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi.
– Sun’iy intellekt yordamida sud hujjatlari loyihalarini avtomatik shakllantirish qanday natija beradi?
– Farmon bilan 2025 - 2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi.
Unda sun’iy intellekt yordamida fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratiladi. “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish moduli joriy etiladi. Bunda, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish, fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratiladi.
Fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Sudning axborot tizimidagi “Shaxsiy kabinet” platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi talqini ishlab chiqiladi.
– Qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Oliy sudda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Farmon ijrosi doirasida Oliy sudning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi negizida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt departamenti tashkil etildi.
Departament raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy qilish borasida o‘z faoliyatini boshladi. Keyinchalik sudlar uchun axborot tizimlarini yaratadi. Sud jarayonlarini avtomatlashtirish, sun’iy intellektni joriy etish, sud amaliyotini tahlil qilish, sud qarorlarini prognozlash va jarayon samaradorligini oshirish uchun zarur axborot vositalarini ishlab chiqish va tatbiq etish ishlarini amalga oshiradi. Sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanilishini ta’minlaydi.
Sud axborot tizimlarining kiberxavfsizligini ta’minlash, tizimlarni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash ham departament zimmasida bo‘ladi. Sud ishlarining raqamli transformatsiyasini ta’minlashda elektron sudlov tizimini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Sudyalar va xodimlarning raqamli savodxonligi oshirib boriladi. Xalqaro raqamli va huquqiy loyihalarda ishtirok etadi.
Shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ayni paytda amaliy ishlarga qadam qo‘yildi. Bu sud jarayonlarini avtomatlashtirish, ma’lumotlar tez va aniq almashinishini ta’minlash, inson omilidan kelib chiqadigan xatolarni kamaytirish, innovatsion yechimlar joriy etish va sud faoliyatini shaffof hamda samarali tashkil etishga zamin yaratadi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.