Ma’mura Zohidovaning “To‘qilmagan ertaklari”
Taniqli adiba Ma’mura Zohidova – dangal, ham quvnoq, jo‘shqin, hozirjavob, ahdidan qaytmaydigan ijodkor. Shundanmi, mahzun tuyg‘ular unga go‘yo begonadek. Biroq uning ona mehriga ilhaq armonli bolaligi, murg‘ak qalbini tirnagan tuyg‘ularini, samimiyatga yo‘g‘rilgan bezovta o‘y-fikrlarini asarlaridan topish mumkin. Shundagina ijodkorning yozganlari to‘qilmagan, ayni haqiqat ekaniga yana bir karra guvoh bo‘lamiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida “Sharq yulduzi” jurnali tashabbusi bilan zamonaviy o‘zbek nasrida yaratilayotgan yangi roman va qissalarni tahlil qilishga bag‘ishlangan navbatdagi adabiy muhokama bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, adabiyot ixlosmandlari hamda barcha qiziquvchilar ushbu adabiy muhokamaga taklif etildi.
Tadbir milliy adabiyotimizda kechayotgan ijodiy jarayonlarni tizimli o‘rganish, yangi asarlarning g‘oyaviy-badiiy qimmatini xolis baholash hamda ijodkorlar, adabiyotshunoslar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida samarali muloqot muhitini shakllantirishni maqsad qildi.

Muhokama markazida Ma’mura Zohidovaning uch kitobdan iborat “To‘qilmagan ertak” asari bo‘ldi.
Ushbu asarda muallif tomonidan inson ruhiyati, jamiyat va shaxs munosabatlari, zamonaviy hayot muammolari badiiy ifoda etilgan bo‘lib, asarning syujet qurilishi, obrazlar tizimi, uslubiy yechimlari va poetikasi atroflicha tahlil qilinadi. Muallif yurtimizda kechayotgan har bir jarayonlarga o‘zining xolis pozitsiyasini bildiradi. Uning teran, chuqur mushohadali, keng qamrovli fikrlari, faol fuqarolik pozitsiyasi, hayotga o‘ziga xos qarashlari kitobxonlarni befarq qoldirmaydi.
Shuningdek, asarning zamonaviy o‘zbek nasrida tutgan o‘rni va ahamiyati yuzasidan fikrlar bildirildi.
Muhokamada taniqli adabiyotshunos olimlar, ustoz ijodkorlar ishtirok etib, asarning turli jihatlari yuzasidan ilmiy asoslangan ma’ruzalar va tahliliy fikrlar bilan qatnashdi.
Shuningdek, tadbirda yosh adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar, ijodiy jamoatchilik vakillari hamda “Sharq yulduzi” jurnali qoshidagi nasr to‘garagi a’zolari ishtirok etib, erkin fikr almashish, savol-javoblar va bahs-munozaralar tashkil etildi. Bu esa adabiy muhitda sog‘lom tanqid va ijodiy fikrlar rivojiga xizmat qiladi.
“Sharq yulduzi” jurnali tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan bunday muhokamalar zamonaviy o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalarini yoritish, iste’dodli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va adabiy jarayonni yanada faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA