O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirishning asosiy maqsadlari belgilab berildi. Ular:
a) Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasini mustaqil respublika ijro etuvchi hojimiyat organi sifatida shakllantirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish;
b) joriy yil yakuniga qadar qurilish, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish hamda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida nazorat funksiyalarini to‘liq raqamlashtirish;
v) 2025 yil 1 iyulga qadar xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tizimi mexanizmlarini shakllantirishdan iborat.
2025 yil 1 maydan boshlab tadbirkor va qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari o‘rtasida shartnoma (ommaviy oferta) tuzilgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’ektlarining qurilish ob’ektlarida qisqa muddatli davlat qurilish nazorati tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir qurilayotgan ob’ektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi. QR-kodli pasport orqali shaharsozlik sub’ektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari (eskiz loyihalari) va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Farmonga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylardagi joylarni, shuningdek, yerto‘lalarni qayta qurish va qayta rejalashtirishda shaharsozlik normalarini buzgan holda ko‘p kvartirali uyning konstruktiv qismlari va tayanch devorlariga o‘zgartirish kiritish, buzish hamda binoning zilzilaga bardoshliligiga salbiy ta’sir qiladigan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi ob’ektlarini majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab:
a) bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi;
b) tajriba-sinov tariqasida 2025 yilda Qashqadaryo viloyatidagi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan ob’ektlarga videokameralar o‘rnatiladi;
v) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi;
g) mobil videokameralar (bodikamera), maxsus planshetlar va videokameralardan olingan ma’lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markaziga uzatiladi;
d) "E-mamuriy ish" axborot tizimida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llashni ko‘rib chiqish tartibi soddalashtiriladi.
2025 yil 1 sentyabrga qadar "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimining "Qurilishda davlat nazorati" elektron platformasiga quyidagi ma’lumotlar integratsiya qilinadi:
a) Kadastr agentligining "UZKAD" kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimidagi ko‘p kvartirali uylarning umumiy foydalanish maydoni va unga tutash yer uchastkalari hamda xonadonning mulkdori, kadastr raqami va kadastr chizmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
b) "O‘zsuvta’minot" AJning billing tizimidagi iste’molchilarning manzili va soni, suv hisoblagichlari ko‘rsatkichlari, sarflangan suv miqdori va qarzdorlik, oqova suvlarni chiqarish, yangi qamrab olingan iste’molchilar to‘g‘risida va boshqa ma’lumotlar.
2025 yil 1 iyuldan boshlab yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan olib boriladi. Xususiy qurilish nazorati arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan hamda qurilish ob’ektining loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini ishlab chiqqan loyiha tashkiloti tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Xususiy qurilish nazorati ob’ektlarida qurilish (rekonstruksiya ishlari) yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi. Qurilishi (rekonstruksiya ishlari) tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari (Toshkent shahrida-tuman qurilish bo‘limlari) tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmaganda ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
O‘zA