Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda chekishni tashlash va zararni kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
"Quit Like Sweden" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar, shifokorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda "Quit Like Sweden" kompaniyasi direktori Syuli Kastro o‘z taqdimoti chog‘ida chekishni tashlash va zararni kamaytirish borasida xalqaro tajribalarga urg‘u berar ekan, O‘zbekistonda bu borada tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda sigaretning xavfsizroq alternativlarini taqiqlash sog‘liqni saqlash sohasida yillar davomida erishilgan yutuqlardan voz kechish xavfini tug‘dirishi mumkin. Yaqinda “Ipsos” tadqiqot kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda nikotin paketlaridan foydalanuvchilarning uchdan ikki qismi sog‘lig‘ini yaxshilash maqsadida asosan chekishni tashlash uchun ulardan foydalanadi.
[gallery-20813]
Bu orada Shvetsiya kabi davlatlar chekish zararini kamaytirish strategiyalarini qabul qilib, muqobillarni qulay va arzon narxlarda taqdim etib kelmoqda. Natijada Shvetsiyada mahalliy aholining chekish darajasi atigi 4,3 foizga tushib, dunyoda birinchi bo‘lib “chekishdan xoli” davlat maqomini qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 10,6 foizni tashkil etadi.
–XXI asrda hamon tamaki zararini kamaytirishda XX asr usullaridan foydalanayotganimizni tasavvur qilish qiyin. Shvetsiya, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar chekuvchilarni halokatli sigaretlardan xavfsizroq muqobillarga o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlaydigan chora-tadbirlarni qabul qilib, sog‘liqni saqlash sohasida ijobiy natijalarga erishmoqda. Shu o‘rinda aytish kerakki, Shvetsiyaning chekish darajasini dunyodagi eng past darajaga tushirishdagi muvaffaqiyati tasodifiy bo‘lmadi. Bu ilmiy asoslangan zararlarni kamaytirish strategiyalarini qo‘llash va chekuvchilar uchun xavfsizroq muqobillarni qulay va ommabop qilish darajasini ta’minlash natijasidir. Ushbu yondashuv ko‘plab hayotlarni saqlab qoldi va chekish bilan bog‘liq kasalliklarni keskin kamaytirdi. O‘zbekiston ham ushbu isbotlangan modelni qabul qilib, jamoat salomatligi tarixini yaratish imkoniyatiga ega, –dedi "Quit Like Sweden" kompaniyasi direktori Syuli Kastro.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi.
N. Ziyodullayeva, O. Pardayev (surat), O‘zA