QQS to‘lovchilari soni 17,5 foizga oshdi
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tizimidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini rasmiy iqtisodiyotga jalb etish va elektron xizmatlarni keng joriy etish natijasida QQS to‘lovchilari soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra mamlakatda maxsus ro‘yxatdan o‘tgan QQS to‘lovchilari soni 270 ming 695 nafarni tashkil etdi. Bu esa 2025-yilning shu davriga nisbatan 17,5 foizga ko‘p. Ushbu o‘sish mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, tadbirkorlik sub’ektlari soliq tizimiga faol jalb etilayotganidan dalolat beradi.
Tahlillarga ko‘ra, QQS to‘lovchilarining asosiy qismi mamlakat iqtisodiyotining uchta yirik tarmog‘ida jamlangan. Xususan, savdo sohasida 100,6 ming, qishloq xo‘jaligida 50,2 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida esa 43,3 ming QQS to‘lovchisi faoliyat yuritmoqda. Bu mazkur sohalar iqtisodiyotdagi eng faol yo‘nalishlardan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mutaxassislar fikricha, QQS to‘lovchilari sonining o‘sishi, avvalo, yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarib, tadbirkorlarning rasmiy faoliyat yuritishga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa davlat byudjeti daromadlarining oshishi, soliq tushumlarining barqarorlashuvi va halol raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat-kassa texnikalari, raqamli soliq xizmatlari hamda avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimlarining joriy qilinishi QQS ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu tadbirkorlar uchun hisobot topshirishni yengillashtirish bilan birga, soliq organlari uchun ham shaffof nazorat mexanizmlarini yaratdi.
QQS to‘lovchilarining qariyb har uch nafaridan biri savdo sohasi vakili. Bu holat ichki bozorda tovar ayirboshlash hajmi yuqoriligi, chakana va ulgurji savdo tarmoqlarining kengayishi bilan izohlanadi. Shuningdek, elektron tijoratning rivojlanishi ham mazkur sohada rasmiy ro‘yxatdan o‘tayotgan tadbirkorlar sonini oshirmoqda.
Qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi yuqori ko‘rsatkichlar esa mamlakat iqtisodiyoti diversifikatsiya qilinayotgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ushbu tarmoqlarda jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, qo‘shimcha qiymat soliq to‘lovchilari sonining 270 mingdan oshishi O‘zbekistonda soliq tizimi islohotlari samarasi, raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi va tadbirkorlik muhitining tobora yaxshilanib borayotganini ko‘rsatadi. Bu tendensiya nafaqat davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash, balki iqtisodiyotning shaffofligi, investitsiyaviy jozibadorligi va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA