Belarusda “O‘zbek qovunlari festivali”
– Ikki davlat rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Ular tufayli Belarus va bag‘ri keng, mehmondo‘st, mehnatkash o‘zbek xalqi bilan birodarligimiz yanada mustahkamlandi, – deydi Minskda bugun ochilgan “O‘zbek qovunlari festivali” qatnashchisi Alesya Zaleskiy. – Bugungi festival xonadonlarimiz, farzandlarimizga cheksiz quvonch olib keldi. Men umrimda bunday totli mevalarni iste’mol qilmagan edim!
Aslida Alesya aytgan minnatdorchilik va hayrat so‘zlarini festivalga tashrif buyurgan har bir ishtirokchi birdek takrorladi.
O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi va yurtimiz dehqon, fermer, tadbirkorlari sa’y-xarakati bilan tashkil etilgan “O‘zbek qovunlari festivali” Minsk ahli uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Bu yerga Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Farg‘onaning tilni yorar qovunlari keltirilgan. Tatib ko‘rish bepul. Narxlari arzon. Ikki qo‘lida arang katta qovunlarni ko‘tarib ketayotgan xaridorlar yuzida mamnuniyat.
Festivalga O‘zbekistondan yangi uzilgan Oltiariq uzumlari, Quva va Sherobod anorlari ham keltirildi. Ulardan “Yoz ne’matlari” pavilonida tatib ko‘rdilar.
Yana bir pavilonda esa belarussiyaliklarning sevimli yemaklari – quruq mevalar sotuvga qo‘yildi. Yong‘oq, quritilgan o‘rik, hatto xurmogacha bor edi bu yerda.
– Yurtingiz qanchalar saxovatli-a, bu ne’matlarning barchasidan tatib ko‘rib hoziroq O‘zbekistonga borgim keldi, – deydi Alesya Zaleskiy.
[photobank-Foto ID: 458859]
Festivaldagi hamma narsa O‘zbekistondan darak berib turar edi. Doiraning jarangi ham, atlas-adras dasturxonlar, xaridorlar biri-biridan talashib kiyib suratga tushayotgan zarbop liboslar ham...
Bugun O‘zbekiston – Belarus xalqlari do‘stligini mustahkamlashga yana bir dadil qadam qo‘yildi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA