“Qovun sayli – 2026” Ginnes rekordlari kitobiga kiritildi
Xorazmda an’anaviy “Qovun sayli” xalqaro festivali yakunlandi. Uch kun davom etgan festival Xivani milliy qadriyatlarga, turli madaniyat, san’at va sayyohlik jozibasiga ega bo‘lgan go‘zal maydonga aylandi.
Xiva temir yo‘l vokzalidan to‘g‘ri “Ichan qal’a”ga olib boruvchi ochiq osmon ostidagi turistik alleya(xiyobon)da ertakmonand kichik shaharcha barpo etildi. Mazkur shaharchada qurilgan pavilonlar bamisoli poliz ekinlaridan bunyod etilgan muhtasham saroylarga o‘xshaydi. Bir va ikki qavatdan iborat koshonalar qishloq xo‘jaligi, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari bilan bezatilgan. Sun’iy favvora ariqchalarda muzday suvlar oqib turibdi. Pavilonlar oralab yurar ekansiz, bir-biridan shirin qovunlarning xushbo‘y hidlari dimog‘ingizga uriladi.
Hazorasp tumanida joriy yilda 300 gektardan ortiq maydonga turli qovun navlari ekildi. Ularning uch yarim ming tonnasi eksport bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa, tumanda yetishtirilgan “bo‘ri kalla”, “suyunchi”, “Ko‘kcha” va “Zargulobi” kabi qovun turiga xorijiy bozorlarda talab yuqori.
– Biz Hazorasp tumanidan qovunning 40 turdan ortiq navlarini olib keldik, – deydi tajribali dehqon, mehnat faxriysi Rustam ota Hojiyev. – Ularning ichida “Polizlar sultoni” gurvakdan tortib, bir necha yillar oldin yo‘qolib ketgan “ko‘k qovun”gacha bor. Tumanimizdagi polizkorlar seleksioner olimlar bilan birgalikda yo‘qolib ketgan qovun navlarini qayta tiklashdan tashqari, umuman yangi navlarni yaratmoqda. Bugungi festivalda uch turdagi gurvak qovunini namoyish etmoqdamizki, ulardan ikki navi yangi yaratilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bu yerga faqat yozgi qovunlarni keltirdik. Hali dalalarda qishki qovunlar turibdi. Ularning turlari ham o‘ttizdan ortiq. Biz har yili shu festivalda ishtirok etib, boshqa polizkorlarning tajribalarini ham, o‘rganib ketamiz. Yangi navdagi qovun urug‘larini almashamiz. Keyingi safar natijalar bilan o‘rtoqlashamiz.
Biri-biridan chiroyli va hashamdor qilib qurilgan pavilonlarda Xorazmda yetishtiriladigan barcha qovun turlari, ulardan tayyorlangan shirinliklar, turli ichimliklar va boshqa oziq-ovqatlardan tatib ko‘rish imkoniyati xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun yaratilgan. Yildan – yilga geografik qamrovi ham, maqsadi ham ulg‘ayib borayotgan “Qovun sayli” sayyohlar uchun allaqachon tashrif qog‘oziga aylanib ulgurdi. O‘tgan yilgi festival ta’rifini eshitganlar bu safar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib guvoh bo‘lish uchun kelishgan.
– O‘tgan yili festivalni televizor orqali ko‘rib juda havasim kelgandi, deydi Farg‘ona shahridan kelgan O‘tkir O‘rolov. – Xivaga festivalda ishtirok etish uchun bir hafta oldin keldim. Uch kun davomida juda huzurlanib dam olmoqdaman. Har kuni, har daqiqa bayram, shodu xurramlik. O‘yin-kulgi, turli taomlar, qovundan tayyorlangan mahsulotlar hammasidan to‘yib tanovul qilish mumkin. Dehqon va mehmonlar juda mehmondo‘st, hammaning yuzida tabassum. Keyingi yili do‘stlarim va oila a’zolarimni ham olib kelaman. Xorazmning qovunlari juda shirinligi bilan yurtimizning boshqa hududlaridagi qovunlardan ajralib turar ekan.
“Qovun sayli” festivali arafasida “Ichan qal’a” muzey qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari tomonidan “Xorazm qovunlari” deb nomlangan kitob ham chop etildi.
– Bu kitobimizda vohamizda qadimdan yetishtirilib kelinayotgan yuzlab qovun turlariga ta’rif berilgan, – deydi Rayhona Tohirova. – Shuningdek, qovunlarning tarkibi, ularni yetishtirish va saqlash texnologiyalari aniq qilib yozilgan. Kitobimiz o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan bo‘lib, bugungi festival doirasida xorijiy mehmonlarimiz uchun ajoyib qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, har bir qovun turiga maxsus QR- ham yaratilgan bo‘lib, ushbu kodni skanerlash orqali qiziquvchilar qovun poliziga virtual sayohat qilishlari mumkin.
Qadim shahar ko‘chalarida tarixiy obidalarni ziyorat qilish, bezatilgan ko‘rkam dasturxonlardagi nozu ne’matlardan iste’mol qilib, bahramand bo‘layotgan mehmonlar orasida xorijiy sayyohlar faollik qilishdi.
– Men umrim davomida buncha ko‘p qovun turlarini uchratmaganman, – deydi italiyalik sayyoh Diletta Kolserraka. – Hamma qovunlardan tatib ko‘rdim. Ularning barchasi shirin ekan. Biroq, ta’mi va hidlari bir-biridan ajralib turadi. Festival doirasida bezatilgan hududlarda suratga tushib, Italiyadagi do‘stlarimga jo‘natyapman. Menga ularning juda havasi kelyapti. Ayniqsa, har kuni kechqurun Xiva juda go‘zal qiyofaga kiradi. Bu yerda tashkil etilayotgan kechki shou dasturlarda esa dunyoning va O‘zbekistonning eng mashhur san’atkorlari konsertlar qo‘yyapti.
Kecha Rossiyalik xonanda Maksim ijrosidagi qo‘shiqlardan miriqib tingladik. Xorazmning o‘ynoqi qo‘shiqlariga maza qilib raqsga tushdik. Festival arafasida Xorazmga kelganimdan juda xursandman.
Festivalda nafaqat xorazmlik dehqon va fermerlar o‘zlari yetishtirgan eng sara poliz ekinlari bilan ishtirok etdi, balki viloyatda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalarining qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan yo‘nalishlarida izlanishlar olib borayotgan olimlar tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanma va mahsulotlari ham namoyish etilmoqda.
– Urganch davlat universitetidagi “Qovunchilik bo‘limi” bugun 50 dan ortiq turdagi qovun navlari bilan bu festivalda ishtirok etyapti, – deydi UrDU “Tabiiy va qishloq xo‘jaligi” fakulteti dekani Sanjarbek Sa’dullayev. – Bugungi kunda universitetimizning ilmiy izlanishga mo‘ljallangan dala xo‘jaliklarida, dunyoning eksport talablariga to‘liq javob beradigan qovun navlari yaratilmoqda. Bundan tashqari, olimlarimiz tomonidan qovunning mag‘zi, urug‘i, po‘chog‘i va poyasidan dori-darmon, oziq-ovqat, shirinliklar, yog‘ va atirlar, chorva va baliqlar uchun omuxta yem mahsulotlarini yaratishgan. Bu mahsulotlar tadbirkorlar, yirik va kichik ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda sanoat darajasida ishlab chiqarilib, eksport ham qilinmoqda.
Qovun eksporti nafaqat fermerlar daromadini ko‘paytiradi, balki Xorazm viloyatining tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Festival doirasida 250 turdagi qovun navlari, ulardan tayyorlangan 200 dan ortiq mahsulotlar namoyish etildi.
[gallery-30798]
Xullas, uch kun davomida milliy qadriyatlarimiz aks etgan dasturlar, ko‘rgazmalar, milliy taomlar taqdimoti, xalq hunarmandchiligi namunalari, teatrlashtirilgan tomoshalar, milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar, ko‘ngilochar dasturlar butun dunyodan milliondan ortiq ishtirokchilarni o‘ziga jamladi.
“Polvon” darvozasi oldidagi maydonda tashkil etilgan festivalning yopilish marosimi ham teatrlashtirilgan tarzda boshlandi. Sahnadagi chiqishlarda qadim o‘tmishimiz, milliy qahramonlarimiz, dehqonlarimizning mashaqqatli mehnati, bugungi kun tarovati, yurtimizdagi obodlik va albatta qovun bilan bog‘liq jozibador voqeliklar gavdalantirildi.
Qovun sayli yakunida hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Xorazm viloyati Xiva shahri festivalning oliy o‘rin sohibi deb topilib, “BYD SONG” elektromobili bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan Yangiariq tumaniga “Onix”, ikkinchi o‘rinni egallagan Xorazm viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga “Cobalt” yengil avtomashinasi topshirildi. Uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan Urganch davlat universiteti va “UzAuto Motors” AJ Xorazm viloyati filialiga esa “Damas” avtomobillari kaliti berildi.
Yuksak darajada tashkil etilgan xalqaro tadbirning eng kulminatsion nuqtasi esa ushbu an’anaviy “Qovun sayli – 2026” xalqaro festivalining Ginnes rekordlari kitobiga kiritilganligi bo‘ldi. Festival “Dunyodagi eng ko‘p qovun tatib ko‘rilgan tadbir“ sifatida qayd etildi. Ta’kidlanishicha, festival mobaynida 259 dan ortiq turdagi qovun navlari tatib ko‘rilgan.
Festival yakunida mahalliy va xorijiy mashhur san’atkorlar ishtirokida katta gala-konsert dasturi namoyish etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari