Qoraqalpog‘istonda parrandachilik: yangi imkoniyatlar va barqaror o‘sish
Qoraqalpog‘istonda aholi bandligini ta’minlash, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan parrandachilikda zamonaviy ishlab chiqarish majmualarining barpo etilayotgani soha taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif davomida davlatimiz rahbari Kegeyli tumanidagi “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur zamonaviy korxona Prezidentimizning 2024-yil 28-iyundagi parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 7,8 million dollarni tashkil etadi.
21 gektar maydonni egallagan korxona ishga tushirilishi natijasida 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Buning o‘ziyoq yirik investitsiya loyihalarining iqtisodiy samarasi faqat ishlab chiqarish hajmi yoki moliyaviy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki odamlarning bandligi va oilaviy daromadlarini oshirish bilan ham belgilanishini ko‘rsatadi.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvati ham yuqori. Bu yerda 200 mingta tovuq boqish imkoniyati mavjud bo‘lib, hozirgi kunda 130 mingta tovuq parvarish qilinmoqda. Majmuada yiliga 27,5 million dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Tayyor mahsulotlar tovuq va bir kunlik jo‘ja ko‘rinishida sotuvga chiqariladi. Shu tariqa korxona naslli parrandachilikni rivojlantirish bilan birga, hududdagi parrandachilik xo‘jaliklari uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berish zanjirida ham muhim o‘rin egallamoqda.
Mazkur loyihaning yana bir muhim jihati parrandachilik uchun zarur ozuqa masalasi ham korxonaning o‘zida hal etilganidir. Bu yerda sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega alohida zavod qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarining to‘liq avtomatlashtirilgani mehnat unumdorligini oshirish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Bunday kompleks yondashuv, avvalo, hududning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ilgari Qoraqalpog‘istonga tovuq va tuxum mahsulotlarining bir qismi mamlakatimizning boshqa hududlaridan olib kelingan bo‘lsa, Kegeylidagi zamonaviy korxona Orolbo‘yining mazkur mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, eksport yo‘nalishini ham rivojlantirmoqda. E’tiborlisi, korxona mahsulotlari xorij bozorida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda.
Joriy yilning sentabr oyiga qadar Afg‘onistonga 1,1 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Yil yakuniga qadar eksport hajmini 1,5 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash va tashqi bozorlarga chiqish uchun yaratilgan imkoniyatlarning amaliy natijasidir. Ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish maqsadida joriy yil yakuniga qadar 8,5 gektar maydonda qiymati 5 million dollarlik yangi fabrikani ishga tushirish mo‘ljallangan. Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ishlab chiqarish hajmi ortib, hududning parrandachilik sohasidagi salohiyati yanada yuksaladi. Parrandachilikni faqat bir korxona doirasida emas, balki yirik ishlab chiqarish tizimi sifatida rivojlantirish muhim vazifalardan biridir.
Davlatimiz rahbari bunday majmualar kelgusida yirik parrandachilik xoldinglariga aylanib, nafaqat yangi, balki yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishi zarurligini ta’kidladi. Bu yondashuv sohaga investitsiya jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qayta ishlashni kengaytirish va eksport hajmini oshirish uchun muhim zamin yaratadi. Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar hudud iqtisodiyotida tadbirkorlikning roli tobora ortib borayotganini ham ko‘rsatadi. Manbada qayd etilganidek, 2016-yilda hududning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib bu ko‘rsatkich 54 trillion so‘mdan oshgan. Bunda tadbirkorlarning ulushi 66 foizga yetgan. Demak, Kegeylidagi parrandachilik majmuasi oddiy ishlab chiqarish korxonasi emas, balki hududda zamonaviy agrosanoat yondashuvini shakllantirishga xizmat qilayotgan loyihalardan biridir. Uning faoliyati yangi ish o‘rinlari, ichki bozorni ta’minlash, eksportni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va mahalliy ishlab chiqarish zanjirini rivojlantirish kabi bir qator muhim natijalarni qamrab olmoqda.
Bugun Orolbo‘yida yangi korxonalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va tadbirkorlik tashabbuslari ko‘payib borayotgani hudud iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish uchun mustahkam asos bo‘lmoqda. Kegeylidagi parrandachilik majmuasi esa bu jarayonning amaliy namunasi sifatida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA