Yangi O‘zbekistonning tinchlik va osoyishtaligini ta’minlashga bel bog‘lagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashda Jamoat xavfsizligi universiteti muhim o‘rin tutmoqda.
Yangi avlodni turli xatarli illatlarga nisbatan murosasiz bo‘lish ruhida tarbiyalash, jamiyat hayotidagi har qanday qonunbuzarlikka qarshi qat’iy kurashish bugungi kunda umummilliy vazifaga aylangan.

Bu Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Jamoat xavfsizligi universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda qayd etildi.
Yoshlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish, qonunbuzarliklarga qarshi kurashishda o‘z vaqtida va samarali choralar ko‘rishga o‘rgatish masalalari muhokama qilindi.

Ta’lim jarayonlarining mazmunan boyitilishi, amaliyot bilan uyg‘unligi va huquqiy ongni oshirishdagi dolzarb yo‘nalishlar haqida fikr almashildi.
Tadbir yakunida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi chora-tadbirlarni izchil amalga oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA