O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvarda “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi belgilandi.
Natijada mas’ul idoralar, muassasalar uchun 2025 yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.
Shuningdek, 2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda viloyat, tuman (shahar) va mahalla darajasida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini ta’minlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Bundan tashqari, «yo‘l xaritalari»ning ijrosini tizimli nazorat qilib borish maqsadida Bosh prokuratura huzurida 2025 yil mobaynida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tuzildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yagona muvofiqlashtiruvchi organi etib belgilangan.
Huquqbuzarlik sodir etilishi natijasida shaxs, jamiyat va davlatga zarar yetkazilib, ushbu zarar moddiy, jismoniy yoki ma’naviy ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasida asosiy tushunchalar keltirilgan bo‘lib, huquqbuzarlik – sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan aybli g‘ayrihuquqiy qilmish (harakat yoki harakatsizlik) sifatida ta’riflanadi.
Prokuratura organlari huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmonida jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash, demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunlarning so‘zsiz ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish orqali “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” prokuratura organlarining ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Bunda profilaktika, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasidagi tadbirlarning ta’sirchanligi, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida aniqlash, bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish uchun barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning imkoniyatlari va vositalaridan keng foydalanish muhim. Jumladan, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish, samarali faoliyat bo‘yicha yagona uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu esa chora-tadbirlar ijrosi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ixtiyor JO‘RAEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
kafedra mudiri, professor.
O‘zA