Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
– Mazkur qonun loyihasi bilan oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, prinsiplari, davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari aniq belgilab berilmoqda, – dedi deputat Sevara Ubaydullayeva. – Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi sanitariya choralari, qoida va normalarni ishlab chiqish va qo‘llash tartibi xalqaro qoida va normalar bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi bilan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, qadoqlash, o‘rash va tamg‘alash, kuzatilishini ta’minlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilishga qo‘yiladigan umumiy talablar, ushbu sohada faoliyat yurituvchi sub’ektlarning huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qayd etilganidek, loyihada nazarda tutilayotgan normalar oziq-ovqat biznesi operatorlari, ya’ni oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish, realizatsiya qilish, utilizatsiya qilish va yo‘q qilish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan bir qatorda, ularning majburiyatlari va mas’uliyatini ham belgilamoqda. Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati – “eng ma’qul iste’mol muddati” yoki “yakuniy iste’mol muddati” ko‘rsatilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, sohadagi ortiqcha byurokratik tartiblar, xususan, vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan sanitariya-epidemiologiya xulosasi, veterinariya guvohnomasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan beriladigan muvofiqlik sertifikatini majburiy rasmiylashtirish talabi bekor bo‘ladi.
Oziq-ovqat biznesi operatorlari oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarida qaydlarni yuritish orqali oziq-ovqat mahsuloti hamda uning tarkibiga kiritiladigan moddalar, oziq-ovqat mahsulotiga tegib turadigan qadoq va materiallarning harakatlanishini aniqlash imkoniyatini yaratish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rishi belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida hududlarda bir qator o‘rganishlar olib borilgani, fraksiya va qo‘mitalar tomonidan berilgan takliflar inobatga olinib, yanada takomillashtirilgani qayd etildi. Qonun loyihasi oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni Jahon savdo tashkiloti qoidalari va xalqaro standartlarga muvofiq tartibga solishga, sohada davlat boshqaruvi va nazorati mexanizmlarini zamon talablari asosida takomillashtirishga, vakolatli davlat organlarining vazifalarini aniq belgilashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Muhokamalarda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga tavsiya etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlarining yorliqlari voyaga yetmaganlar uchun jozibali bo‘lmasligiga oid modda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Bir qator takliflar, mulohazalar bildirildi. Munozaralardan so‘ng ushbu moddani qayta ishlash va takomillashtirishga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA