Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha muhim loyiha muhokamaga qo‘yildi
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda davlat organlari, biznes va jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga qaratilgan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahat kengashi to‘g‘risidagi Nizom loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 11-bandida Maslahat kengashini tashkil etish topshirig‘i berilgan. Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Maslahat kengashi tashkil etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, Kengash oziq-ovqat xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi bo‘ladi. Uning asosiy vazifalaridan biri — sohadagi dolzarb masalalarni manfaatdor tomonlar ishtirokida muhokama qilish va amaliy takliflar ishlab chiqish.
Kengash oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Xavflarni boshqarish va inspeksiya amaliyoti samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. Yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, o‘simliklarni himoya qilish vositalari va veterinariya preparatlarini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq masalalarni o‘rganadi. Soha muammolarini idoralararo muhokama qilishni tashkil etadi. Davlat organlari va oziq-ovqat sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yadi.
Kengash tarkibiga davlat organlari bilan bir qatorda oziq-ovqat biznesi vakillari, tadbirkorlik sub’ektlari va ularning birlashmalari, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, NNTlar, ilmiy va akademik muassasalar, muvofiqlikni baholash organlari, shuningdek, OAV va blogerlar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Bu yondashuv sohada qarorlar qabul qilishda ekspertlar, biznes va jamoatchilik fikrini hisobga olish uchun ochiq muloqot maydoni yaratishi bilan ahamiyatli.
Hujjat hozircha loyiha maqomida. U jamoatchilik muhokamasidan o‘tishi jarayonida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida takomillashtirilishi mumkin, deyiladi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabarida.
M.Qosimova, O‘zA