Qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi
Davlat fuqarolik xizmatchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat xizmatchisi nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha to‘liq grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilmoqda. Bunda ish beruvchi tomonidan rozilik berishda o‘quv dasturining yo‘nalishi ushbu davlat organi faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi lozim.
Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasida ayni masala ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, ushbu hujjat davlat xizmatchilariga keng imkoniyatlar yaratish, davlat organlari va tashkilotlarida professional va salohiyatli kadrlar qatlamini shakllantirishni nazarda tutadi.
[gallery-29754]
Loyihada o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijda tahsil olish davriga teng muddatda ishlab berish majburiyati ham yuklanmoqda.
Hujjatga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisining xorijda o‘qish davri uning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi. Shu bilan birga, ko‘p yillik xizmati uchun har oylik ustama belgilashda inobatga olinadi.
Muhokamalar davomida qonun loyihasidagi normalar bo‘yicha bir qator savollar, e’tirozlar o‘rtaga tashlandi, takliflar bildirildi. Shundan so‘ng qonun loyihasi yanada takomillashtirish maqsadida mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA