Qizlar ot ustida o‘z mahoratlarini namoyish etishdi
Sirdaryo viloyatida ayollar o‘rtasida polo bo‘yicha o‘tkazilgan do‘stlik uchrashuvi nafaqat sport musobaqasi, balki xotin-qizlarning ot sportidagi imkoniyatlari va salohiyatini namoyon etgan muhim tadbirga aylandi.
Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasi tasarrufidagi Chavandozlar maktabida tashkil etilgan musobaqada Sirdaryo viloyati hamda Toshkent shahri ayollar polo jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Otlar tuyog‘ining shiddatli zarbi, sportchilarning chaqqon harakatlari va g‘alaba uchun bo‘lgan intilishi maydonda haqiqiy sport muhitini yaratdi.

Bellashuvlar xalqaro qoidalar asosida uchta chakkerdan iborat tarzda o‘tkazildi. Har bir davra 7–7,5 daqiqa davom etgan bo‘lsa-da, unda ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati va ot boshqarish mahoratini to‘liq namoyon etishdi. Ayniqsa, jamoaviy o‘yin taktikasi va o‘zaro hamjihatlik uchrashuvning qiziqarli va murosasiz kechishini ta’minladi.

Qizg‘in bahslarga boy o‘yinlar yakunida eng katta yutuq g‘alaba yoki hisob emas, balki sportchilar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va tajriba almashinuvi bo‘ldi. Barcha ishtirokchilar munosib taqdirlanib, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi uchun e’tirof etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday e’tibor tufayli ilgari asosan erkaklar sporti sifatida qaralgan qator yo‘nalishlarda bugun ayollar ham yuqori natijalarni qayd etmoqda. Polo ham shular jumlasidan. Ot sportining aql, jasorat, chidam va yuqori mahoratini talab qiluvchi mazkur turi yil sayin yurtimizda ommalashib bormoqda.

Ayniqsa, 2020-yilda O‘zbekiston Polo federatsiyasining tashkil etilgani sohani tizimli rivojlantirish, musobaqalar sonini ko‘paytirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.
Bugungi kunda mamlakatimizning turli hududlarida polo bo‘yicha musobaqalar muntazam tashkil etilib, yosh avlodni mazkur sport turiga jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa kelgusida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan iqtidorli sportchilar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda O‘zbekiston Polo federatsiyasi bosh kotibi Yorqin Shavkatov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi vakillari faol ishtirok etdi.
Sirdaryoda o‘tkazilgan mazkur do‘stlik uchrashuvi xotin-qizlarning ot sportiga qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Muhimi, maydonda mardlik, matonat va mahorati bilan ajralib turgan chavandoz qizlar milliy sportimiz ravnaqi yo‘lida munosib avlod voyaga yetayotganini ko‘rsatdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri