Qiziriqlik yakka tartibdagi tadbirkor savdo qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy saytida xabar berilishicha, 2017 yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi va hududiy davlat soliq inspeksiyalariga fuqarolardan turli mazmundagi qariyb 300 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy saytida xabar berilishicha, 2017 yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi va hududiy davlat soliq inspeksiyalariga fuqarolardan turli mazmundagi qariyb 300 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Xususan, mazkur murojaatlardan birida Qiziriq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Quvondiq Abdurahimovga qarashli savdo shoxobchalarida savdo qoidalari qo‘pol ravishda buzilayotgani bayon etilgan.Ushbu murojaat dastlab soha xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganilib, qisqa muddatli soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Nazorat tadbiri davomida shoxobcha sotuvchisi Quvondiq Abdurahimov xaridorga amalga oshirgan 20 ming so‘mlik xaridi uchun nazorat kassa mashinasi cheki bermaganligi hamda savdo shoxobchasining g‘aznasidagi 4 mln 550 ming so‘m naqd savdo puli nazorat kassa mashinasi xotirasidan o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, shoxobchada 12 turdagi jami 32 mln 342 ming so‘mlik kirim hujjatlari va sifat sertifikatlari bo‘lmagan qurilish va xo‘jalik mollari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 maydagi 299-sonli qaroriga zid ravishda 3 turdagi 100-500 VTgacha bo‘lgan 792 ming so‘mlik cho‘g‘lanma lampalar sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu tovar moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qo‘yildi.
Fuqarolar murojaati asosida Sherobod tumanidagi «Surxon Agro Kimyo ta’minot» MChJga qarashli mineral o‘g‘itlar sotish savdo shoxobchasida o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshirish davomida xaridorga 7 ming so‘mlik xarid uchun bank plastik kartochkasi orqali savdo qilish rad etilgani va 35 ming so‘mlik naqd savdo puli nazorat kassa mashinasidan o‘tkazilmagani aniqlandi. Bundan tashqari, kirim hujjatlari bo‘lmagan 1 turdagi 5 million 940 ming so‘mlik 5280 kg karbamid mineral o‘g‘iti daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Ushbu holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.