Tadbirkor soliqqa oid qoidabuzilishini tan olsa, ish sudgacha oshirilmaydi
Qonun loyihasiga sharh
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf qilish milliy qonunchilikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri. So‘nggi yillarda bu borada bir qator muhim qonunlar qabul qilinib, tadbirkorlarga yaratilgan yengilliklar mustahkamlab qo‘yildi.
Oliy sud tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlament quyi palatasiga kiritilgan tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning davomi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qonun talablarini bajarmagan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash va bunday qoidabuzarliklar bartaraf etilganda, tadbirkorning tezda qaytadan faoliyatini tiklash borasidagi ayrim ortiqcha ma’muriy tartiblar saqlanib qolayotgani tadbirkorlik sub’ektlari uchun vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlarni vujudga keltirmoqda.
Sud amaliyoti tahlillariga ko‘ra, tegishli qonun talabini bajarish orqali hisobvaraqlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklovni soliq organining o‘zida bartaraf etish imkoniyati mavjud bo‘la turib, tadbirkor tomonidan e’tiroz bildirmagan bo‘lishiga qaramay, ishlarni sudga oshirishga to‘g‘ri kelmoqda.
Shunga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi bilan Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, tegishli huquqbuzarlikni sodir etgan tadbirkorlik sub’ektining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish soliq organining o‘zi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ya’ni, soliq to‘lovchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti o‘zining soliqqa oid huquqbuzarligini tan olganda va e’tiroz bildirmaganda tadbirkorning bank hisobvaraqlari faoliyatini to‘xtatib turish soliq organlarining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi. Tadbirkorning e’tirozi bo‘lgandagina masalani sudga oshirish tartibi joriy etilmoqda.
Shuningdek, huquqbuzarlik bartaraf etilganda, hisobvaraq faoliyatiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish ham soliq organi tomonidan amalga oshirilishi taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, soliq to‘lovchi soliq organining qarori yuzasidan e’tiroz bildirsa, uning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq organining arizasiga asosan Iqtisodiy sud tomonidan amalga oshiriladi. Soliq organi e’tiroz kelib tushgan kundan boshlab uch kun ichida sudga murojaat qilishi shart bo‘lib, bu tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati asossiz to‘xtab qolishining oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Loyiha orqali bank hisobvaraqlari orqali operatsiyalari to‘xtatib qo‘yilgan tadbirkorlarning o‘z faoliyatlarini tezda tiklash borasidagi tartibga solish yuki va byurokratik tartibotlar bartaraf etiladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishishga bo‘lgan imkoniyati saqlab qolinishi bilan birga, soliq nizosini sudga qadar hal etish samaradorligi oshadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA