Qiziqarli taqdimotlar va samarali muzokaralar
Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakunlandi.
Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakunlandi.“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Shveytsariya, Latviya, Rossiya, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Vetnam, Malayziya, Tailand, Turkiya, Dominikan Respublikasi, Isroil, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlardan yetti yuzdan ziyod sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro sayyohlik yarmarkasi qatnashchilar ko‘pligi, namoyish etilgan loyihalarning xilma-xilligi, qiziqarli taqdimotlarga boyligi bilan alohida ajralib turdi. Yarmarka ishtirokchilari sohadagi yutuqlar, yangiliklar bilan yaqindan tanishdi.
– O‘zbekistonda sayyohlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq, – dedi Malayziyaning “Felda Travel” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Nora Azmin Radzuan. – Malayziyadan O‘zbekistonga sayohat qilayotganlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zbekistondan Malayziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani sayyohlik borasidagi imkoniyatlarimizni yanada kengaytirishga va ikki tomonlama sayyohlik oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Ushbu yarmarka sayyohlik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, imkoniyatlarimizni namoyish etish, soha mutaxassislari bilan o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini berdi.
Milliy va xalqaro sayyohlik tashkilotlari, mehmonxona va restoranlar, muzeylar, bank xizmatlari, sug‘urta kompaniyalari hamda oromgohlar vakillari ishtirok etgan ushbu yarmarkada mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va taklif etilayotgan xizmatlar, xushmanzara tabiatimiz va noyob me’moriy obidalarimiz aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari keng namoyish qilindi.
– Kompaniyamiz Slovakiya, Xorvatiya, Avstriya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya bo‘ylab sayohatlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi, – dedi “Happy Tours” kompaniyasi direktori Rok Buls (Slovakiya). – O‘zbekistonda sayohatlarni mazmunli o‘tkazish va hordiq chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Tarixiy obidalar, samimiy mehmondo‘stlik, noyob hunarmandlik buyumlari, eng asosiysi, yurtingizdagi tinchlik-totuvlik muhiti butun dunyo sayyohlarini jalb etmoqda. Mamlakatingiz turoperatorlari bilan hamkorligimizni rivojlantirib, O‘zbekistondan Yevropaga, Yevropadan O‘zbekistonga sayyohlar jo‘natish niyatidamiz.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat milliy pavilyoni” stendlari yarmarka ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Tadbir qatnashchilari maxsus ekspozitsiyalarda o‘zbek milliy taomlari va turli meva-sabzavotlardan tatib ko‘rdi, milliy hunarmandlik buyumlarini xarid qildi. Andijon, Buxoro va Qashqadaryo pavilyonlarida sopol buyumlar, ganch o‘ymakorligi, qo‘g‘irchoqlar kabi mahsulotlarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan mahorat darslari, shuningdek, o‘zbek milliy liboslari namoyishi, milliy musiqa va raqslarimiz ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yarmarka doirasida tashkil etilgan “Hosted Buyers” (“Professional xaridorlar”) dasturi istiqbolli sheriklar va xaridorlar o‘rtasidagi uchrashuvlarni oldindan belgilash, ularga muayyan imtiyozlar berish orqali sohada ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.
– O‘zbekiston sayyohlik bozori biz uchun g‘oyat istiqbolli, – dedi “Media Tourism & Travel” kompaniyasi bosh menejeri Shalan Sulaymon (BAA). – O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bir necha yildan beri hamkorlik qilib kelamiz. Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston xalqining boy madaniyati, tarixi va bugungi taraqqiyoti bilan tanishishga qiziqish yuqori. Yarmarkada mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar almashinuvini yanada kengaytirish bo‘yicha O‘zbekistonning qator sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatdik. Mamlakatingizda kompaniyamiz vakolatxonasini ochishni rejalashtirganmiz.
Xalqaro yarmarka doirasida “Madaniy merosni asrash O‘zbekiston sayyohlik sohasi rivojining muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. Bir qancha mamlakatlar va shaharlarning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar, sohaga oid amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida qator yo‘nalishlar bo‘yicha sayyohlik sohasining eng yaxshi va faol g‘oliblari aniqlandi va taqdirlandi.