Qizil chiroqqa takroran bo‘ysunilmasa, muayyan vaqt chegirmasiz jarima to‘lanadi
Bugungi kunda voyaga yetmagan shaxsga avtomashinani boshqarishga berib qo‘yish oqibatida turli avtohalokatlar sodir etilmoqda. Hatto odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelayotgan holatlar uchramoqda. Endilikda bu kabi holatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda 27 million yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan bo‘lib, ularning 77 foizini qo‘pol qoidabuzilishlar tashkil etgan. 2 ming 188 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 8 ming 900 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Jami hodisalarning 1 ming 832 tasi inson o‘limiga, 7 ming 394 tasi esa fuqarolarning tan jarohati olishiga sabab bo‘lgan.
Jumladan, qariyb 2 ming 500 holatda transport vositasi 14 dan 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga boshqarish uchun topshirilib, buning oqibatida 101 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 44 nafar inson halok bo‘lgan. 17 ming 500 nafar haydovchi transport vositasini mastlik holatida boshqarishi oqibatida 46 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 92 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.
Quyi palata majlisida “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Loyiha bilan ijtimoiy xavfi yuqori huquqbuzarliklar uchun 6 oydan 1 yilgacha muddatga transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish jazosi joriy etilmoqda. Bu jazo, avvalo, inson hayotini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, qonun talablarini ochiqchasiga mensimaydigan shaxslarni vaqtincha yo‘l harakatidan chetlashtirish orqali fojialarning oldini olishga xizmat qiladi.
Xususan, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish natijasida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda transport vositasini topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk transport vositalarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish, belgilangan tezlikni 80 kilometr/soatdan ortiq miqdorda oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ma’muriy jazoning yangi turi – avtomototransport vositasini olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yish chorasini joriy etish taklif qilinmoqda.
Mazkur jazo yo‘l bezoriligi, noqonuniy poyga tashkil etish, transport vositalarini mastlik holatida boshqarish, mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash kabi qilmishlar transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilganda qo‘llanilishi belgilanmoqda. Ushbu jazo chorasi qonunda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudi tomonidan qo‘llaniladi.
Qonun loyihasida transport vositasini mastlik holatida boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun belgilangan jazo choralari takomillashtirilmoqda.
Shuningdek, qarama-qarshi harakatlanish, svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik, belgilangan harakat tezligini oshirish qayta-qayta sodir etilganda, jarimani chegirma bilan to‘lash tartibini muayyan muddat davomida qo‘llamaslik ham nazarda tutilmoqda.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi xavfli huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, haydovchilarning mas’uliyatini oshirish, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, shuningdek, qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning ta’sirchanligi va muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA