O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga qo‘shilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlar tobora kengayib, turli davlatlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni tez va samarali hal etishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Mediatsiya ana shunday nizolarni sudga murojaat qilmasdan, xolis vositachi ko‘magida taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida hal etish imkonini beradi. Bu taraflarning vaqt va mablag‘ini tejash, ortiqcha sud xarajatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
– Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekistonning “Mediatsiya bo‘yicha Singapur konvensiyasi” nomi bilan tanilgan xalqaro hujjatga qo‘shilishi nazarda tutilmoqda, – dedi deputat Gulchehra Tojiboyeva. – Mazkur Konvensiya xalqaro tijoriy nizolar bo‘yicha mediatsiya natijasida tuzilgan kelishuvlarni ishtirokchi davlatlarda tan olish va ijro etishning yagona huquqiy mexanizmlarini belgilaydi. Xususan, O‘zbekiston tadbirkori xorijiy hamkori bilan kelib chiqqan nizoni mediatsiya orqali hal qilib, kelishuvga erishgan taqdirda, bu kelishuvni Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatda ijro etish imkoniyati yengillashadi. Natijada taraflarning kelishuvni bajartirish uchun nizoni qaytadan sudda ko‘rib chiqishga bo‘lgan ehtiyoji kamayadi.
Qonun loyihasida Konvensiyani qo‘llash bilan bog‘liq ayrim shartlarni belgilash ham nazarda tutilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi, davlat organi yoki davlat organi nomidan harakat qiluvchi shaxs taraf bo‘lgan kelishuvlarga Konvensiya qoidalarini tatbiq etmaslik taklif etilmoqda.
Shuningdek, Konvensiya faqat kelishuv taraflari uni o‘z munosabatlariga nisbatan qo‘llashga rozilik bildirgan taqdirdagina tatbiq etilishi belgilanyapti. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlariga mazkur xalqaro mexanizmdan foydalanish masalasini mustaqil hal etish imkonini beradi.
Ushbu Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatimizda mediatsiya institutini yanada rivojlantirish, xalqaro tijoriy nizolarni qisqa muddatda va kam xarajat bilan hal etish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, xorijiy investorlarning milliy huquqiy tizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga hamda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga ko‘maklashadi.
M.Komilova, O‘zA