Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (ATMAK) raisi Hamid Riza Nami boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar Samarqand viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shunqor Xudoyberdiyev hamda soha mas’ullari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda agrar sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va bu borada hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Hamid Riza Nami Eronda ishlab chiqarilayotgan va ayni paytda ushbu davlatda samarali foydalanilayotgan qishloq xo‘jalik texnikalarining afzalliklari haqida ma’lumot berdi va ularni Samarqandda ishlab chiqarish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari esa eronliklar bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligida qo‘l mehnatini kamaytirgan holda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, kartoshkaning serhosil navlarini yaratish, viloyatda pista bog‘larini yaratishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Muloqot davomida tomonlar bildirilgan takliflar asosida loyihalar ishlab chiqish va ularni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib oldilar.
[gallery-23719]
Eron delegatsiyasi Samarqandga safari davomida viloyatdagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi va diqqatga sazovor maskanlar bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari