Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Bu borada tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish O‘zbekiston va Misr uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida Misr Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Muloqotda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va veterinariya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida tajriba almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Chorvachilikda fermer xo‘jaliklari samaradorligini oshirish, sut va go‘sht mahsulotlari sifatini yaxshilash, qo‘ychilikni rivojlantirish, veterinariya kasalliklarining oldini olish va zarur dori vositalarini yetkazib berish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida yaylovlar maydonini kengaytirish va foydalanilmayotgan yerlarni qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. "UzAgroStar Holding" kompaniyasining loyihalari va istiqboldagi rejalari taqdim etilib, agrar sohada o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA