Qishloq xo‘jaligida raqamli inqilob: Fermerlar uchun «FERMER AI» boti va yangi platformalar taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston fermerlari kengashi tomonidan agrar sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va fermerlar faoliyatini modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
«Raqamli fermer — zamonaviy qishloq xo‘jaligi sari» mavzusidagi ushbu tadbir soha mutaxassislari, Raqamli texnologiyalar vazirligi eksperti, OAV vakillari hamda yurtimizning turli hududlaridan kelgan fermerlarni bir maydonga jamladi.
Tadbir davomida soha rivojiga turtki bo‘luvchi uchta muhim loyiha namoyish etildi:
«FERMER AI» telegram boti — Tadbirning bosh yangiligi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-358-sonli qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Sun’iy intellekt asosida ishlovchi ushbu raqamli yordamchi fermerlarga dala sharoitida tezkor, ishonchli va ilmiy asoslangan ma’lumotlarni olish, agrotexnik tadbirlar, ob-havo hamda zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha real vaqt rejimda maslahatlar beradi. Loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi ekspertlari tomonidan yuqori baholandi.

«FERMER MINBARI» ijtimoiy tarmog‘i — Prezidentning 2026-yil 1-apreldagi «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-51-sonli farmoni ijrosi yuzasidan yaratilgan. Ushbu virtual platforma fermerlarning o‘zaro tajriba almashishi, sohadagi muammo va yechimlarni erkin muhokama qilishi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishi uchun xizmat qiladi.

«Qishloq xo‘jaligi kooperativlari uchun amaliy qo‘llanma» kitobi — Yangi tashkil etilayotgan va mavjud kooperativlar faoliyatini huquqiy hamda iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri tashkil etish, ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan noyob qo‘llanmadir.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur loyihalar yurtimizda olib borilayotgan agrar islohotlarning uzviy davomi bo‘lib, qishloq xo‘jaligi sohasini to‘liq raqamlashtirish, soha vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda zahmatkash dehqonlar mehnatini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Taqdimot yakunida fermerlar yangi raqamli tizimlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi va soha mutaxassislari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
O‘zbekiston fermerlari kengashi Matbuot xizmati