Qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohasida innovatsion yechim
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida mintaqada qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohasida innovatsion yechimlarni joriy etishga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlik doirasida Beruniy tumanida yashovchi Qodir Avezimbetov tomonidan ishlab chiqilgan guminli agromineral o‘g‘itlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ishlanma qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik tadqiqotlar va amaliy tajribalar natijasi hisoblanadi.
Sinovlar Orolbo‘yining sho‘rlangan va qurg‘oqchil tuproqlari sharoitida markazning tajriba maydonlarida o‘tkaziladi. Mutaxassislarning fikricha, yangi tarkiblarni qo‘llash tuproq unumdorligini tiklash, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish va o‘simliklarning murakkab iqlim sharoitiga chidamliligini yaxshilashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi o‘g‘itlar fermentlangan ko‘mir, mineral komponentlar va organik qo‘shimchalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu ularni noqulay tabiiy sharoitli hududlar uchun istiqbolli yechimga aylantiradi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.