Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish – yuqori hosildorlik omili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-mart kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish va sohani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar natijadorligi, mavjud muammolar va eng dolzarb vazifalar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-mart kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish va sohani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar natijadorligi, mavjud muammolar va eng dolzarb vazifalar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalari qatori qishloq xo‘jaligida ham muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil olish, tarmoqni ilg‘or usullar asosida rivojlantirishda sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashina-traktor parklarini zamonaviy texnika va agregatlar bilan ta’minlash muhim o‘rin tutadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimi tubdan qayta tashkil etildi.
Tarmoqning texnikaviy bazasini takomillashtirish maqsadida “O‘zagrotexsanoatxolding”, qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha “O‘zagrotexmash”, lizing asosida yetkazish bo‘yicha “O‘zagrolizing”, servis va mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatish uchun “O‘zagroservis” jamiyatlari tuzildi. Mashina-traktor parklarining byudjet oldidagi qarzlarini to‘lash muddati 2 yilga kechiktirildi.
Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida fermerlar uchun lizing muddati 10 yildan 12 yilga, mashina-traktor parklari uchun 7 yildan 10 yilga uzaytirildi. Fermerlar va mashina-traktor parklariga qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun 5 foizli imtiyozli kreditlar ajratildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-yilda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish va lizing xizmatlari 1,7 barobar, mexanizatsiya xizmatlari 2,5 barobar ortdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, servis xizmatini yaxshilash, importni optimallashtirish, eksportni kengaytirish bo‘yicha muayyan kamchiliklar mavjudligi, qishloq xo‘jaligi texnika bilan 85 foiz ta’minlangani, ma’lum qismi eskirgani, ularni o‘z vaqtida yangilash choralari ko‘rilmagani qattiq tanqid qilindi. Belgilangan vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida nazorat qilmagani uchun Bosh vazir o‘rinbosari – “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi N.Otajonovga hayfsan berildi. Ishda yo‘l qo‘ygan sustkashligi va jiddiy xatolari uchun “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari – “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori R.Ahmedov, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori H.Imomov, Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil departamenti mudiri A.Rafiqov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Bugungi kunda tarmoqda 172 mingdan ortiq texnikaga talab bo‘lgani holda, 146 mingta texnika mavjud yoki 26 mingta texnika yetishmaydi.
Fermer xo‘jaliklarining yuqori unumli haydov traktorlari bilan ta’minlanishi 75 foizni, g‘alla o‘rish kombaynlari – 86 foiz, paxta terish mashinalari – 28 foiz, qo‘shqator chigit ekish seyalkalari – 60 foiz, don ekish seyalkalari bilan ta’minlanishi 25 foizni tashkil etadi. Umuman, yetishmaydigan va eskirgan texnikani hisobga olganda, jami 82 mingta yangi qishloq xo‘jaligi texnikasiga talab mavjud.
Dasturga muvofiq joriy yilda 16 mingta, jumladan, birinchi yarim yillikda 5 ming 800 texnikani kredit asosida yetkazib berish belgilangan.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi texnikasiga talabni to‘liq ta’minlash maqsadida “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati, Moliya va Qishloq xo‘jaligi vazirliklariga ikki oy muddatda 2018-2021-yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bunda qishloq xo‘jaligi texnikasini xaridorlarga yetkazib berishni moliyalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ham nazarda tutish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari paxtachilik, bog‘dorchilik va uzumchilikda bahorgi dala ishlari boshlanay deb turgan bo‘lsa-da, 5 ming 800 ta texnikadan faqat 1 ming 200 tasi fermerlar va mashina-traktor parklariga yetkazib berilganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida qo‘shimcha ajratilgan 4 mingta texnikaning 30 foizi o‘z egalariga yetkazilgan.
– Zamonaviy texnika dehqonga suv va havodek zarur bo‘lib turgan shu kunlarda bu boradagi ehtiyoj bor-yo‘g‘i 25 foiz ta’minlanganini qanday tushunish mumkin, – dedi Prezident. – Texnika – fermerning qo‘l-qanoti. Unga talab ta’minlansagina moddiy manfaatdorlik oshib, xarajatlarni keskin kamaytirishga erishiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, bahorgi agrotexnik tadbirlar uchun rejalashtirilgan texnikani 15 aprelga qadar to‘liq yetkazib berish bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatish va ijrosi haqida axborot berish topshirildi.
– Ayni paytda mashinasozlik korxonalari tomonidan butlovchi qismlar va materiallarning muayyan qismi chetdan olib kelinib, “yirik uzelli yig‘ish” asosida qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarilmoqda. Haydov traktori, plug, seyalka kabi texnikani tayyor holda import qilsa, bizda ishlab chiqarilganiga nisbatan arzon bo‘lishini tarmoq rahbarlari nima deb tushuntiradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz raisligida import bo‘yicha yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda 2018-yilda qishloq xo‘jalik mashinasozligida importni 160 million dollarga qisqartirish, bu borada eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq topshiriq berilgan edi.
Shundan kelib chiqib, “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati va “O‘zagrotexmash” mexanika zavodi bilan hamkorlikda bir oy muddatda transmissiya, turli korpus detallari va agregatlarni yurtimizda ishlab chiqarish orqali qishloq xo‘jaligi texnikasini mahalliylashtirishni 45 foizga yetkazish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqib, ijrosini ta’minlash topshirildi.
Davlatimiz rahbari 2018 yilda lizing va kredit asosida jami 3,2 trillion so‘mlik 16 mingta qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishni moliyalashtirish masalasiga ham alohida to‘xtaldi.
Hozirgi kunda 5 ming 800 texnika uchun Moliya vazirligi tomonidan 1,5 trillion so‘m ajratilgan. Qolgan 1,7 trillion so‘mni ajratish, jumladan, lizing asosida 1,5 trillion so‘mlik texnikani moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalasini hal etish zarurligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi texnikasini eksport qilish muhim mezon hisoblanadi. Ammo bu borada ko‘rilayotgan choralar ham qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yili 19 million dollarlik 844 ta texnika eksport qilingan. Yig‘ilishda “O‘zagrotexmash” aksiyadorlik jamiyatiga bundan tegishli xulosa chiqarib, 2018-yilda kamida 30 million dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasini eksport qilish, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Pokiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston bozorlariga kirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish topshirig‘i berildi.
“O‘zagroservis” tizimidagi mashina-traktor parklarining mamlakatimiz bo‘yicha jami mexanizatsiya xizmatlaridagi ulushi 2016-yilda 14 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilda 26 foizga yetgan, joriy yilda 41 foiz bo‘lishi kutilayotir. Bu sohada ijobiy o‘sishga erishilayotganidan dalolatdir. Biroq bu natijalar bilan qanoatlanib qolmay, mexanizatsiya xizmatlari hajmini oshirish, bunda qishloq xo‘jaligi texnikasiga servis xizmati ko‘rsatish, ehtiyot qismlarni maxsus shoxobchalar orqali o‘z vaqtida yetkazib berish uchun jamiyatning joylardagi filiallarini ko‘paytirish kerakligi qayd etildi.
Yig‘ilishda fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish uchun beriladigan imtiyozli kredit tarkibida mexanizatsiya xizmati ulushini oshirish bo‘yicha asoslangan takliflarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, mashina-traktor parklari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun hisob-kitob tizimini takomillashtirish, mexanizatsiya xizmatlarining har bir yo‘nalishi bo‘yicha qat’iy narxlarni belgilashga oid me’yoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish, tarmoqni jadal rivojlantirish uchun dolzarb masalalarni o‘z vaqtida hal qilish, eng muhimi, fermerlarni zamonaviy texnika va agregatlar bilan uzluksiz ta’minlash, ularning manfaatdorligi va roziligini oshirish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.