Qishloq xo‘jaligi vaziri: yuqori hosildorlik uchun ilmiy yondashuv zarur
Xorazm viloyati Yangibozor tumanida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokida fermerlar, agronomlar, soha mutaxassislari hamda ilmiy xodimlar uchun paxtachilikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda zamonaviy paxtachilikning ustuvor yo‘nalishlari, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish hamda yuqori hosildorlikka erishishning samarali mexanizmlari keng muhokama qilindi.

– Tadbirning asosiy mavzusi “Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni” bo‘ldi, – deydi Xorazm viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Masharipov. – Bugungi kunda paxtachilikda yuqori natijalarga erishish faqat agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bilangina cheklanmaydi. Buning uchun har bir jarayonni ilmiy asosda tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish talab etiladi. Shu bois seminar davomida yuqori hosildorlikka erishishning sakkizta qonuni batafsil tushuntirilib, ularning amaliy ahamiyati hamda hosildorlikka ta’siri haqiqiy misollar asosida yoritildi.

Tadbirda nafaqat hosildorlik masalalari, balki ekologik barqarorlik va tuproq salomatligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb muammoga aylangan mikroplastik ifloslanishning qishloq xo‘jaligiga ta’siri yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, dalalarda qolib ketayotgan plastik chiqindilar vaqt o‘tishi bilan maydalanib, mikroplastiklarga aylanishi mumkin. Bu esa tuproqning biologik faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘simliklar orqali oziq-ovqat zanjiriga kirib borish xavfini yuzaga keltiradi. Shu bois fermerlarga dalalarda ekologik madaniyatni oshirish, plastik chiqindilarni o‘z vaqtida yig‘ishtirish va qayta ishlashga topshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, insoniyat oldidagi global muammolardan biri bo‘lgan antibiotiklarga chidamlilik masalasi ham muhokama qilindi. Vazir ushbu muammo oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidlab, sog‘lom agroekotizimni shakllantirish va ilmiy asoslangan yondashuvlarni keng qo‘llash zarurligini qayd etdi.

Seminar davomida g‘o‘za yetishtirishda kremniy o‘g‘itlaridan foydalanish imkoniyatlari ham alohida ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, ushbu turdagi o‘g‘itlar shu paytgacha asosan meva-sabzavot ekinlarida qo‘llanib kelingan. Endilikda esa o‘zbekistonlik olimlar tomonidan ularni paxtachilikda qo‘llash bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Seminar yakunida fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga olimlar va mutaxassislardan batafsil javob oldi. Dala sharoitida uchrayotgan muammolar yuzasidan fikr almashilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar va amaliy yechimlar taqdim etildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri