Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi
«O‘zko‘rgazmasavdo» markazida bog‘dorchilik, polizchilik, asalarichilik va gulchilik sohasidagi «Agro Food – 2014» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
«O‘zko‘rgazmasavdo» markazida bog‘dorchilik, polizchilik, asalarichilik va gulchilik sohasidagi «Agro Food – 2014» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, «O‘zvinosanoat-xolding» kompaniyasi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, xalqaro tashkilotlar ko‘magida «Expocontact» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan tashkil etildi.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligining izchil isloh etilayotgani, fermerlik va agrobiznes har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yuksalmoqda. Agrar sohaga joriy etilayotgan yangi texnologiyalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti hajmini oshirish imkoniyatlarini tobora kengaytirmoqda.
Ko‘rgazmada 70 dan ortiq fermer xo‘jaligi, agrofirma, asalarichilik va gulchilik sohasi vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, xalqaro hamkorlar ishtirok etmoqda.
Ekspozitsiyada meva-sabzavotlarning turli navlari, poliz ekinlari, sitrus mevalar, manzarali o‘simliklar, shuningdek, landshaft dizayni texnologiyalari, zamonaviy issiqxonalar, quyosh yordamida quritadigan moslamalar, organik va mineral o‘g‘itlar, uzumchilik va asalarichilik mahsulotlari namoyish etilmoqda.
– Kompaniyamiz issiqxonalar qurish, issiqxona jihozlari va intensiv bog‘ uskunalarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, – deydi «Greenfield Agro» mas’uliyati cheklangan jamiyatining marketing bo‘yicha menejeri Qahramon Qilichev. – So‘nggi yillarda mamlakatimizda issiqxona va intensiv bog‘lar ko‘payib bormoqda. Masalan, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda Isroil, Janubiy Koreya va Xitoy texnologiyasi asosida issiqxonalar qurdik.
«Agro Food – 2014» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida «Fermer xo‘jaliklari innovatsion ishlanmalarining transferti va ijobiy tajribasi» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda bog‘dorchilik, sabzavotchilik va asalarichilikda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish masalasi muhokama qilindi. Fermer xo‘jaliklari innovatsion ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Milliy va xalqaro tashkilotlar vakillari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish borasida taqdimotlar o‘tkazdi.