Ilm, texnologiya va mehnat uyg‘unligi
Paxtachilikda yangi davr: suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy texnika, ilm-fan va fermer tajribasi uyg‘unligi Buxoroda yuqori hosildorlikni ta’minlamoqda.
Bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida kechayotgan o‘zgarishlar paxtachilik tarmog‘ida ham o‘zining aniq va amaliy natijalarini namoyon etmoqda. Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilayotgan agrar islohotlar natijasida sohada yillar davomida shakllangan yondashuvlar tubdan o‘zgarib, fermer mehnati, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish hamda zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng qo‘llashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonning amaliy samarasini Buxoro viloyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Joriy mavsumda viloyat paxtakorlari tarixiy natijaga erishdi. Ekin maydonlari saqlangan holda 442 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirildi. Viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 52,6 sentnerni tashkil etmoqda. Qiyoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 373 ming tonnadan ziyod edi. Demak, bir xil maydondan ko‘proq hosil olish — bu shunchaki raqam emas. Bu yerdan foydalanish samaradorligi oshgani, agrotexnik tadbirlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va fermer dalasiga ilm-fan, innovatsiya hamda zamonaviy texnologiyalar kirib kelayotganining amaliy ifodasidir.
Buxoroda bugungi natijalar tasodifan yuzaga kelgani yo‘q. Joriy yilda 3 071 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 85 ming gektar maydonga chigit ekildi. Ekishdan oldin hududning tuproq-iqlim sharoiti chuqur o‘rganilib, unga mos g‘o‘za navlarini tanlashga alohida e’tibor qaratildi. Sohaning yetakchi olimlari, mutaxassislari, tajribali fermerlar va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytirildi. Ilmiy tavsiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer dalalariga olib kirildi.
Xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish ham muhim omilga aylandi. Xususan, Xitoy va boshqa davlatlarning intensiv paxtachilik usullari mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Bugungi natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, zamonaviy qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishish uchun faqat mehnatning o‘zi yetarli emas. Mehnat ilm bilan, ilm texnologiya bilan, texnologiya esa to‘g‘ri tashkil etilgan boshqaruv bilan uyg‘unlashgandagina yuqori samara beradi.
Buxoro sharoitida paxta yetishtirishning o‘ziga xos murakkab jihatlari bor. Suv tanqisligi, yuqori harorat, sho‘rlanish xavfi, yer osti suvlarining yaqinligi va ayrim hududlarda qumloq-cho‘l tuproqlarining keng tarqalgani dehqondan katta mahorat talab qiladi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida resurslarni tejash, ayniqsa, suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan yondashuvlar Buxoro uchun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
G‘o‘zani qo‘sh qator usulida ekish, plyonka ostida parvarishlash va tomchilatib sug‘orish kabi texnologiyalarni uyg‘unlashtirish orqali tuproqda namlikni uzoqroq saqlash, suv sarfini kamaytirish va o‘simlik uchun qulay muhit yaratish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. 2025-yilda 21,5 ming gektar maydonda tajriba-sinov tariqasida qo‘llangan xorijiy texnologiyalar joriy mavsumda 29,8 ming gektar maydonga kengaytirildi. Ayrim maydonlarda gektaridan 70–80 sentnergacha hosil olish imkoniyati yaratilgani esa ushbu texnologiyalarning mahalliy sharoitdagi salohiyatini ko‘rsatmoqda.
Buxoro paxtachiligidagi yangi yondashuvlarni Qorako‘l tumani misolida yanada yaqqol ko‘rish mumkin. Sho‘rlanishga moyil yerlarda ilgari paxta hosildorligi gektariga 30–35 sentnerdan oshmagan bo‘lsa, bugun zamonaviy agrotexnologiyalar va ilg‘or urug‘chilik tajribasi tufayli o‘rtacha hosildorlik 70 sentnerdan oshmoqda. Bu raqamning o‘ziyoq sohadagi o‘zgarishlar ko‘lamini anglatadi.

Gap faqat hosilning ko‘payishida emas. Asosiy masala — har bir gektar yerdan yuqori iqtisodiy samara olish, suv va boshqa resurslarni tejash, fermer daromadini oshirish va qishloq xo‘jaligini barqaror tarmoqqa aylantirishdir.
Paxtachilikdagi yangilanishlarni zamonaviy texnikasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Joriy terim mavsumida viloyat dalalarida 140 tadan ortiq yuqori unumli paxta terish kombaynlaridan foydalanildi. Ular yordamida paxta maydonlarining qariyb 80 foizidagi hosil terib olindi. Bu, bir tomondan, terim muddatlarini qisqartirsa, ikkinchi tomondan, mehnat unumdorligini oshiradi va daladagi yo‘qotishlarni kamaytiradi. Bir necha o‘n yillik mehnat tajribasiga ega soha faxriylari bugungi o‘zgarishlarni o‘tmish bilan qiyoslar ekan, eng katta yangiliklardan biri inson mehnatining yengillashayotganida ekanini ta’kidlamoqda.
Vobkent tumanidagi ko‘p yillik mehnat faxriylaridan biri ta’kidlaganidek, ilgari paxta rejasini bajarish uchun kechayu kunduz mehnat qilishga to‘g‘ri kelgan. Bugun esa zamonaviy texnikalar dalada inson mehnatini yengillashtirib, terim jarayonini mexanizatsiyalashtirish imkonini bermoqda. Bu — qishloq xo‘jaligida inson qadriga e’tiborning amaliy ko‘rinishlaridan biridir.
Buxoro paxtachiligida o‘z maktabiga ega hududlardan biri — Vobkent. Mazkur tumanning Fermerlar kengashi raisi Azizbek Mirakovning ta’kidlashicha, bugungi natijalar zamirida davlat tomonidan soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor, fermerlar manfaatlarini himoya qilish, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bir qatorda dehqonlarning ko‘p yillik tajribasi va fidokorona mehnati mujassam.
2001-yilda tashkil etilgan fermer xo‘jaligida ham bugungi o‘zgarishlar yaqqol sezilmoqda. Ilgari gektaridan 30–40 sentner atrofida hosil olingan bo‘lsa, yangi navlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali hosildorlikni 70–80 sentnerga yetkazish maqsad qilingan.
Fermerlarning fikricha, klaster mutaxassislari bilan hamkorlik, yangi navlarni tanlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish yuqori natijalarning muhim omillaridan biri bo‘lmoqda. Eng muhimi, bugun fermer faqat hosil yetishtiruvchi emas, balki zamonaviy texnologiyani o‘zlashtirayotgan, bozorni o‘rganayotgan va xo‘jaligining kelajagini rejalashtirayotgan tadbirkorga aylanmoqda.
Vobkent tumanining “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Baxtiyor Boboqulovning xotiralari esa paxtachilikdagi o‘zgarishlarning inson hayotidagi ahamiyatini yanada teranroq ochib beradi. Uning ta’kidlashicha, ilgari fermer yetishtirgan hosildan olgan daromad ba’zan o‘g‘it va boshqa xarajatlarni qoplashga ham yetmay qolar, dehqonlar somon va g‘o‘zapoya sotib kun kechirishga majbur bo‘lar edi. U o‘qituvchilik va agronomlik faoliyati davrini eslar ekan, paxta terimi tufayli ta’lim jarayoni to‘xtab qolgan yillarni ham xotirlaydi. Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha.

Paxta terimi mexanizatsiyalashmoqda. Bolalar dalaga chiqmasdan ta’lim olyapti. Qishloq aholisi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Fermer mehnatiga iqtisodiy baho berish, uning manfaatini himoya qilish va qishloq xo‘jaligini daromadli sohaga aylantirishga e’tibor kuchaymoqda. Bu o‘zgarishlarning mohiyati shundaki, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar faqat gektar va tonna bilan o‘lchanmaydi. Uning ortida inson taqdiri, fermerning daromadi, qishloq aholisining turmushi va farzandlarning kelajagi turibdi.
Buxoro paxtakorlari erishilgan natija bilan cheklanib qolmoqchi emas. Viloyat dalalarida hali yig‘ib olinishi lozim bo‘lgan hosil ko‘p. Paxtakorlar belgilangan rejadan tashqari yana 50 ming tonna paxta xomashyosini qo‘shimcha yig‘ib olish uchun imkoniyatlarni safarbar etmoqda. Bu yerda yana bir muhim jihat bor: yetishtirilgan paxtani yig‘ib olishning o‘zi yetarli emas. Uni sifatini saqlagan holda qayta ishlash korxonalariga o‘z vaqtida yetkazish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va yangi qiymat yaratish zanjirini to‘liq ishga tushirish muhim.
Ya’ni bugungi paxtachilikning maqsadi faqat “ko‘proq paxta yetishtirish” emas. Asosiy maqsad — kamroq resurs sarflab, yuqori sifatli mahsulot olish va uni qayta ishlash orqali yanada katta iqtisodiy qiymat yaratish.
Joriy mavsumda g‘allachilik va paxtachilikda qayd etilgan natijalar ham shu haqiqatni tasdiqlamoqda. Ilmiy ishlanmalar, innovatsion texnologiyalar va zamonaviy agrotexnik usullarni fermer dalalariga olib kirish natijasida hududda gektaridan o‘rtacha 87 sentner g‘alla hosili olingani, kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 100 sentnerga yetkazish maqsadi qo‘yilgani soha rivojida ilmiy yondashuvning ahamiyatini ko‘rsatadi. Paxtachilikda ham hosildorlik 60 sentnerdan oshgan xo‘jaliklar soni ko‘paymoqda. Bu natijalarning zamirida sifatli urug‘lik, tuproq-iqlim sharoitiga mos navlar, o‘z vaqtida o‘tkazilgan agrotexnik tadbirlar, suv tejovchi texnologiyalar, zamonaviy texnika va eng muhimi — fermerning bilim va tajribasi mujassam.

Buxoro paxtachiligidagi bugungi natijalar bir mavsumlik yutuq sifatidagina baholanmasligi kerak. Chunki bu natijalar ortida yangi tizim shakllanmoqda. Unda fermer — asosiy harakatlantiruvchi kuch. Olim — bilim manbai. Klaster — ishlab chiqarish va qayta ishlash zanjirining muhim bo‘g‘ini. Zamonaviy texnika — mehnat unumdorligini oshiruvchi vosita. Suv tejovchi texnologiyalar — resurslarni asrash kafolati. Davlat esa bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlovchi va ular uchun zarur sharoitlarni yaratuvchi asosiy kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan agrar islohotlarning eng muhim jihati ham shunda: qishloq xo‘jaligida eskicha yondashuvlar o‘rniga samaradorlik, innovatsiya, tejamkorlik va fermer manfaatiga asoslangan yangi tizim qaror topmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri