Qish sinovlariga — bugundan tayyorgarlik
Qish fasli tabiatning o‘ziga xos sinovlaridan biri. Qor, muz, kuchli shamol, keskin sovuq, yog‘ingarchilik kabi tabiiy hodisalar nafaqat kundalik turmush tarziga, balki elektr va gaz ta’minoti, transport harakati, kommunal infratuzilma hamda aholi xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda har bir daqiqa, har bir qaror va har bir harakatning ahamiyati beqiyos.
Shu bois mamlakatimizda aholi hayoti va salomatligini asrash, hududlarda xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan inson qadri, uning hayoti va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa favqulodda vaziyatlarga shunchaki javob qaytarish emas, balki ularning oldini olish, xavfni oldindan ko‘ra bilish va aholini himoya qilish tizimini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Buxoro viloyatida ham ana shu vazifalardan kelib chiqib, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Viloyatda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday holatlarda harakat qilish davlat tizimi — FVDT xizmatlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasini baholashga qaratilgan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Unda mas’ul xizmatlar, qutqaruv tuzilmalari va boshqa hamkor tashkilotlarning mavsumiy xavf-xatarlarga qanchalik tayyor ekani amaliyot orqali sinovdan o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi xavfsizligini ta’minlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishda mas’ul xizmatlarning doimiy shayligi, tezkorligi va o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.


Zero, favqulodda vaziyatning o‘zi hech qachon “qachon bo‘ladi?” deb ogohlantirmaydi. Ammo unga tayyorgarlik ko‘rish, xavfni oldindan baholash, kuch va vositalarni shay holatga keltirish — inson qo‘lida. Shu ma’noda, o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari oddiy tadbir emas, balki real vaziyatlarga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi. Mashg‘ulotlar doirasida FVDT xizmatlarining saf ko‘rigi o‘tkazilib, shaxsiy tarkib, maxsus texnika, qutqaruv vositalari va zarur jihozlarning mavsumga tayyorgarligi ko‘zdan kechirildi. Bu jarayonda nafaqat texnika borligi, balki uning istalgan vaqtda ishga tushirilishi, qutqaruvchilarning tezkor harakatlanishi, zarur hududga qisqa fursatda yetib borishi va favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish imkoniyatlari ham amaliy jihatdan baholandi. Chunki favqulodda vaziyatlarda bir necha daqiqalik kechikish ham katta oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun maxsus texnika, qutqaruv anjomlari, aloqa vositalari, yoqilg‘i zaxirasi va shaxsiy tarkibning tayyorligi qog‘ozdagi ma’lumot emas, amaliyotda o‘z tasdig‘ini topishi kerak. O‘quv mashg‘ulotlarining ahamiyati ham aynan shunda — har bir xizmat o‘z vazifasini, har bir mutaxassis o‘z mas’uliyatini, har bir texnika o‘z yo‘nalishini aniq bilishi zarur.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xavf-xatarlar ham atroflicha tahlil qilindi. Xususan, noqulay ob-havo sharoiti, kuchli yog‘ingarchilik, keskin sovuqlar, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar, yong‘inlar, transport harakatidagi murakkabliklar va boshqa favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar nazardan o‘tkazildi.


Ayniqsa, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish, isitish mavsumida yong‘inlarning oldini olish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish kabi masalalar doimiy e’tiborda bo‘lishi zarur. Chunki xavfsiz qish faqat qutqaruvchilarning shayligi bilan emas, har bir xonadon, har bir korxona va har bir fuqaroning mas’uliyati bilan ta’minlanadi.
Mashg‘ulotlarning yana bir muhim jihati — favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda turli xizmatlarning bir maqsad yo‘lida, yagona boshqaruv va aniq muvofiqlashtiruv asosida harakat qilishini sinab ko‘rishdir. Zero, favqulodda vaziyatda birgina xizmatning harakati yetarli bo‘lmasligi mumkin. Qutqaruvchilar, tibbiyot xodimlari, energetika, gaz ta’minoti, kommunal xizmatlar, ichki ishlar va boshqa mas’ul tuzilmalarning hamjihatligi voqea oqibatlarini tezroq bartaraf etish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, o‘quv mashg‘ulotlari davomida kuch va vositalarni belgilangan hududlarga safarbar etish, aholini xavfsiz joylarga ko‘chirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, zarar ko‘rgan hududlarda tiklash ishlarini tashkil etish kabi yo‘nalishlarda amaliy ko‘nikmalar yanada mustahkamlandi. Bu — favqulodda vaziyatlar xizmati uchun mashq, aholi uchun esa xotirjamlik kafolatidir.


Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yakunlari bo‘yicha xizmatlarning holati baholanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud kuch va vositalarning doimiy shayligini ta’minlash hamda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
Aslida, favqulodda vaziyatlar sohasida eng katta natija sodir bo‘lgan hodisani qahramonlik bilan bartaraf etish emas. Eng katta natija — uning oldini olish, inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan vaziyatni barvaqt aniqlash va falokatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bugun Buxoro viloyatida o‘tkazilayotgan bunday mashg‘ulotlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri