Qirg‘iziston dunyo yetakchilarini BMT XKga nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy bo‘lmagan a’zolari saylovi oldidan davlat rahbarlariga murojaat qildi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar bergan.
Japarov Qirg‘iziston 60 davlat qatori hech qachon Xavfsizlik Kengashida faoliyat yuritmagani, raqobatchi Filippin esa ilgari to‘rt marta shu vazifani bajarganiga e’tibor qaratgan. Uning fikricha, Qirg‘iziston saylanishi xalqaro hamjamiyatning tarixiy adolatni tiklash, barcha mamlakatlar BMT yetakchi organiga saylanish uchun teng huquqqa egaligini ta’minlash yo‘lidagi siyosiy irodasini namoyish etadi.
Yetakchi, agar saylansa, Qirg‘iz Respublikasi Kengashda pragmatik, siyosatsiz va barqaror yechimlarni qo‘llab-quvvatlovchi sifatida harakat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, geosiyosiy raqobat global miqyosda kuchayib, xalqaro huquq universalligi susayib, mojarolar ortib borayotganini qayd etdi. Dunyo bo‘ylab harbiy ziddiyatlar tufayli qariyb 3 trillion dollar sarflanganini qo‘shimcha qildi.
– Agar shu xarajat sayyoramizni ko‘kalamzorlashtirish, ayrim mamlakatlardagi ocharchilikni bartaraf etishga yo‘naltirilsa, sayyoramiz gullab-yashnagan boqqa aylanishi mumkin edi, – dedi Sadir Japarov. – Bunday sharoitda BMTga a’zo davlatlarning XKda inklyuziv va teng huquqli vakilligi, butun xalqaro hamjamiyat nomidan qaror qabul qiluvchi guruh sifatida qonuniylikni saqlab qolish qobiliyati masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Kengash tarkibidagi nomutanosiblik, ayniqsa kichik, rivojlanayotgan va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar yetarli ishtirok etmasligi butun jamoaviy xavfsizlik manzarasi barqarorligiga putur yetkazadi. Mamlakatimiz vositachilik mexanizmi, profilaktika diplomatiyasi va yadroviy qurolsizlanish, shuningdek iqlim va xavfsizlik o‘rtasidagi munosabatni tizimlashtirishga hissa qo‘shish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zolari 2026-yil 3-iyunda Nyu-Yorkda saylanadi. 2024-yil Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu borada Qirg‘izistonni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.
G.Sattorova, O‘zA