Hozirda O‘zbekistonda ikki mingdan ziyod yoshlar sportning qilichbozlik turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Namangan va Toshkent viloyatlarida hamda Toshkent shahrida hududiy federasiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida qilichbozlik bo‘limlari tashkil etilgan. Sportchilarning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va munosib ishtirok etishi uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.
Qilichbozlik sportini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida Toshkent shahridagi “Paxtakor” sport majmuasida joylashgan “Paxtakor” hamda “Yoshlik” qilichbozlik sport zalida mazkur sport turida mashg‘ulotlar va musobaqalar o‘tkazish uchun jahon standartlariga to‘g‘ri keladigan sharoit yaratildi.

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan e’tibor sportchilarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Darhaqiqat, bugun qilichbozlik bo‘yicha yuqori saviyali sportchilarimiz jahon arenalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarni qayd etmoqda. Jumladan, joriy yilda yoshlar va kattalar terma jamoamiz a’zolari rapira, shpaga va sablya yo‘nalishlarining shaxsiy bellashuvlarida 10 ta oltin, 5 ta kumush va 13 ta bronza, jamoaviy bahslarda 12 oltin, 3 kumush hamda 5 bronza, jami 48 medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu g‘alabalar zamirida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan samarali ishlar yotibdi.

Aniqrog‘i, O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi ko‘magida federatsiya hududiy bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va murabbiylar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan 2023 yilda viloyatlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallari va Toshkent shahri uchun sotib olingan 15 ta qilichbozlik yo‘lakchalari va jihozlari, 300 dan ortiq qilichbozlik uskunalari to‘plami tarqatildi. Qilichbozlik bo‘yicha mintaqaviy saralash bosqichlari reja asosida muntazam ravishda respublikamiz viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning "2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yurtimizda qilichbozlikning barcha yo‘nalishlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, sportchilarning mashg‘ulotini samarali tashkil etish, ularning respublika va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari muntazam tashkil etilib, milliy terma jamoamiz a’zolari uchun xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa iqtidorli sportchilarni doimiy tanlash va aniqlash imkonini berayotir. Ushbu saralash natijasida bugunga kelib, sablya yo‘nalishida Zaynab Dayibekova, Gulistan Perdiboyeva, Samira Shokirova, Nargiza Jaksibayeva, Xerrera Lara Luisa Fernanda, Sherzod Mamutov, Islambek Abdazov, Aziz Dauletnazarov, Zuhriddin Qodirov, Muso Aymuratov, Sardor Abdukarimbekov, shpaga bo‘yicha Dilnaz Murzatayeva,Shahzoda Egamberdiyeva, rapirada Umida Ilyasova, Muxammadyusuf Asranov, Radmir Semeneyev, Doniyor Sa’dullayev, Ahmadillo Solixo‘jayev kabi qilichbozlarimiz nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda.

Ushbu mahoratli qilichbozlardan tashkil topgan turli yoshdagi terma jamoalarimiz yil davomida Toshkent viloyatining “Yangiobod”sport bazasida, “Paxtakor” va “Yoshlik” qilichbozlik zallarida rejali o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolari mahoratini yanada oshirish maqsadida Germaniya, Xitoy, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Italiya, Quvayt va Turkiya kabi davlatlarda 15 ga yaqin xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashdi.

O‘zbekiston qilichbozlari uchun shu yilning dekabr va kelgusi yilgi mavsum o‘ta ahamiyatlidir. Sababi, 2024 yilda Parij shahrida navbatdagi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unga qadar esa sportchilarimiz mazkur musobaqa yo‘llanma va reyting ochkolarini beruvchi musobaqalarda ishtirok etadi hamda to‘rt yillikning eng nufuzli sport tadbiri Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun kuch sinashadi. Dekabr oyida Yaponiya, Serbiya, Kanada va Fransiya kabi davlatlarda sablya, rapira va shpaga bo‘yicha jahon kubogi bahslari o‘tkaziladi. Shuningdek, 2024 yilgi sport mavsumida Fransiya, Qatar, Tunis, Italiya, Germaniya, Peru, Misr, Vengriya, Gretsiya, AQSH, Argentina, Belgiya, Polsha va Xitoyda o‘tadigan jahon kubogi hamda Gran-pri musobaqalarida terma jamoalarimiz ishtirok etadi. Sportchilarimiz uchun eng ahamiyatlisi, 2024 yilning aprel oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi Osiyo saralash musobaqasidir. Umid qilamizki, kelgusi yilgi nufuzli musobaqalarda qilichbozlarimiz, albatta, yuqori natijalarni qayd etadi.

O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi faoliyatida kamchilik va muammolar ham mavjud bo‘lib, hududlarda kerakli sport jihozlari yetishmaydi. Qilichbozlik sport zallari, xususan, hududlardagi mavjud qilichbozlik zallari ta’mirga muhtoj. Misol uchun, ko‘p sonli yosh qilichbozlar shug‘ullanadigan Andijon viloyatida, ya’ni Asaka shahridagi qilichbozlik sport zali kapital ta’mirlashni talab qiladi.
O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidovaning ta’kidlashicha, federatsiya asta-sekin hududiy bo‘linmalar moddiy-texnik bazasini qo‘llab-quvvatlash ustida ishlamoqda. Masalan, joriy yilda hududlardagi bo‘linmalar 15 dan ortiq qilichbozlik yo‘lakchalari va jihozlari bilan ta’minlandi.

– Qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ham zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar bilan ta’minlanib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo afsuski, qilichbozlik sportiga ommaviy ishtirok etish va joylardagi ko‘plab bolalarni mavjud sport maktablari va qilichbozlik sportiga jalb qilish uchun moliyalashtirish yo‘q. Shu va yuqorida qayd etilgan dolzarb muammolarni hal etishda mamlakatimiz Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan bu borada amaliy yordam ko‘rsatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Umid qilamizki, kelgusi yilda sportimiz mutasaddilari ushbu muammolarni hal etishda o‘z ko‘maklarini ayamaydilar. Buning natijasida esa har bir hududimizdan Olimpiya va Osiyo o‘yinlari g‘oliblari, jahon va qit’a chempionlari yetishib chiqadi, mamlakatimiz sharafini yanada ulug‘laydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA