FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan Federatsiya va uning hududiy bo‘linmalari ishtirokida navbatdagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari, Sport yakka kurashlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va O‘QF rahbariyati, shuningdek, Federatsiyaning hududiy filiallari vakillari va O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdi.
Anjumanni ochib bergan O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Maqsud Abdusamadov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 fevral kuni o‘tkazilgan respublika hududlarida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, turli sport turlarini yanada rivojlantirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga bag‘ishlangan videokonferensiyada belgilangan asosiy vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Milliy terma jamoalarning nufuzli xalqaro musobaqalarda va bo‘lajak Olimpiya siklida tayyorgarligi va munosib ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-22213]
Ta’kidlash kerak, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish uchun O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan terma jamoalarni nufuzli musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash, qilichbozlik sport turi ommaviyligini oshirish va samarali seleksiyani tashkil etish bo‘yicha 2025 yilda hamda navbatdagi Olimpiya siklida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yo‘l xaritasi tayyorlanib, Federatsiyaning barcha mintaqaviy bo‘linmalarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Konferensiya ishtirokchilari e’tiboriga taqdim etilgan ushbu “Yo‘l xaritasi”da belgilangan ishlar yuzasidan O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova hamda federatsiya rais o‘rinbosari Hayot Zokirov batafsil ma’lumot berdi.
Muhokamalar jarayonida so‘zga chiqqanlar joylardagi mavjud sharoit va imkoniyatlar, yutuq va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari haqida qizg‘in fikr almashdi.
Bildirilgan taklif va mulohazalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqishga kelishildi.
Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA