Sirdaryo viloyatidagi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida Qatarning nufuzli “Tamam International” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘zaro investitsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish va ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Mehmonlar Yangiyer filialidagi infratuzilma, ilmiy salohiyat va amaliy imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi. Uchrashuv doirasida filial direktori Zafar Xakimov tomonidan qurilish sohasiga oid istiqbolli investitsion loyihalar taqdimoti amalga oshirildi.

— Bugungi uchrashuv, avvalo, filialimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va mavjud imkoniyatlar bilan xalqaro hamkorlarimizni tanishtirishga qaratilgan, — deydi filial direktori Zafar Xakimov. — Qurilish sohasida energiya samarador, ekologik toza va texnologik jihatdan ilg‘or yechimlarni tatbiq etish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi. Shuningdek, talabalar amaliyoti, kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha umumiy yondashuvlar belgilab olindi. Bundan tashqari, muzokaralar davomida barqaror energiya yechimlari, ekologik texnologiyalar va xalqaro ishlab chiqarish amaliyotini kengaytirish masalalari yuzasidan ham o‘zaro manfaatli mulohazalar almashildi.

Ma’lumot uchun shuni aytish mumkinki, “Tamam International” kompaniyasi Qatarda va xalqaro miqyosda savdo, sanoat, logistika, qurilish, sog‘liqni saqlash va innovatsion yechimlar sohalarida keng qamrovli faoliyat yuritadi. Ushbu tuzilmaning xalqaro hamkorlikdagi tajribasi Yangiyerda shakllanayotgan investitsion muhitni yanada boyitishga xizmat qilishi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri