Qatarlik investorlar O‘zbekistonning IT salohiyatiga qiziqish bildirmoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qatarning MBK Holding asoschisi va boshqaruv raisi Shayx Mansur bin Xalifa Ol Tani bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot qilindi. Jumladan, IT Park Uzbekistan faoliyati, mamlakatda shakllangan IT-ekotizim, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va IT-xizmatlar eksportini kengaytirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, UZINFOCOM tomonidan raqamli hukumat infratuzilmasini rivojlantirish, davlat axborot tizimlarini modernizatsiya qilish, data-markazlar faoliyati, bulutli texnologiyalar, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.

Muzokaralarda sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, data-markazlar va yuqori texnologiyali infratuzilma loyihalari bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ayniqsa, O‘zbekistonning yosh va malakali kadrlar salohiyati, ularni xalqaro bozor talablariga mos tayyorlash hamda innovatsion iqtisodiyot uchun inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Tomonlar Qatar investitsiyalarini O‘zbekistonning raqamli sohasiga jalb qilish, startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
MBK Holding 1969-yilda Doha shahrida tashkil etilgan bo‘lib, bugunga qadar 100 dan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirgan va qator mamlakatlarda o‘z vakolatxonalariga ega.
N.Rahmonova,
O‘zA