Qatar-2022: Chorak finalda omad kimga kuladi?
Bugun Qatarda davom etayotgan jahon chempiionati 1/4 final bosqichida Xorvatiya – Braziliya va Niderlandiya – Argentina “duel”i bo‘lib o‘tadi.
Mundial o‘zining eng yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda. Boshlanganiga 20 kun bo‘lgan chempionatning ortda qolgan shiddatli bahslari natijasida 8 jamoa bosh sovrin yo‘lida odimlayotgan bo‘lsa, 24 davlat vakillari “Qatar-2022” kemasidan tomoshabinlar safiga ravona qilindi.
Chempionlikka da’vogarlar safida tilga olingan Ispaniya, Germaniya, Belgiya muxlislari uchun musobaqa, qaysidir ma’noda, ma’nosiz ko‘rinishga kelgandek. Braziliya, Fransiya, Portugaliya va boshqa ayrim jamoalar tarafdorlari uchun esa hali hammasi oldinda.

Tahlilchilar biri-biridan qiziqarli tafsilotlarni taqdim etmoqdaki, bu ko‘pchilikni mushohadaga, mulohazaga chorlamoqda.
Xo‘sh, so‘nggi bekatgacha qaysi irodali va omadli jamoalar boradi?
Ispanlarga chiqish yo‘lagini ko‘rsatib qo‘ygan Marokash yoinki futbol vatani vakillari – inglizlar finalgacha yeta olarmikan?
Albatta, jamoalarning ichki va tashqi imkoniyatidan kelib chiqib, tugal fikr yuritish ilojsiz. Zero, o‘tgan o‘yinlar ba’zi bashoratlar va taxminlar o‘zini oqlamaganini ham isbotladi.

Ko‘pgina tahlilchilar hali-hamon mundialning asosiy jamoasi sifatida Braziliyani ko‘rsatmoqda. Ularning fikricha, chorak finalda Xorvatiya bilan ro‘baro‘ keladigan Pele izdoshlari finalga qiyinchiliksiz chiqadi.
Ikkinchi o‘rinda qayd etilgan Fransiyaning imkoniyati ham yomon emasligi, jamoaning Angliya to‘sig‘idan o‘tishi oson bo‘lmasligi aytilyapti. Agar inglizlar dog‘da qoldiril-sa, Zidan izdoshlariga jahon kubogi uchun yo‘l ancha yengillashishi taxmin qilinmoqda.
Argentina va Niderlandiya bahsidagi holat ko‘p narsani oydinlashtirishi mumkin. Ya’ni, bu ikki jamoaning oxirgi nuqtaga yetib borish imkoniyati atigi 20 foiz atrofida baholanmoqda.
Portugaliya Krishtianu Ronaldudek futbolchini zaxirada ushlab ham g‘alaba qozonish mumkinligini ko‘rsatib, jahon kubogiga o‘tkir ko‘z tikkanini yashirmayapti. Bu jamoaning muvaffaqiyat indeksi 7.50 nisbatga ega bo‘lgan bir vaziyatda, raqib – Marokashning yutug‘i darajasi 40 foiz ko‘rinish olgan.
Eslatib o‘tamiz, Marokash – Portugaliya va Angliya – Fransiya uchrashuvi ertaga, 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA