Qashqadaryoda 2027-yil hosili uchun qariyb 29,8 ming tonna urug‘lik don jamg‘arildi
Qashqadaryo viloyatida 2027-yil hosili uchun urug‘lik don tayyorlash ishlari izchil davom etmoqda. Ayni paytga qadar viloyatda urug‘lik donni qayta ishlovchi korxonalar tomonidan 29 ming 795 tonna urug‘lik don jamg‘arildi.
Bu haqda Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazining Qashqadaryo viloyati filiali hamkorligida Koson tumanida o‘tkazilgan press-tur davomida ma’lum qilindi.
Unda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Press-turning dastlabki manzili “Koson don mahsulotlarini qabul qilish” MCHJ bo‘ldi. Jurnalistlarga 2027-yil hosili uchun jamg‘arilgan urug‘lik donni saralash, dorilash va qadoqlash jarayonlari namoyish etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-109-sonli farmoni ijrosi doirasida joriy etilgan urug‘lik don mahsulotlarini QR-kodli yorliqlar bilan markirovkalash tizimining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Mazkur tizim urug‘lik mahsulotining kelib chiqishi va sifat ko‘rsatkichlarini raqamli nazorat qilish, sertifikatlash jarayonlarining shaffofligini ta’minlash hamda ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar uchun ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda jamg‘arilgan urug‘lik donning 11 ming 255 tonnasi tayyor holatga keltirilgan. Shundan 4 ming 362 tonnasi sovutgichli sig‘imlarga joylashtirilgan. 6 ming 230 tonna urug‘lik don QR-kodli yorliqlar bilan belgilanib, muvofiqlik sertifikatlarini olish uchun taqdim etilgan.
Ma’lum qilinishicha, urug‘lik donni qayta ishlovchi korxonalar bo‘yicha eng katta hajm “Dunyo-M” AJning Shahrisabz filialida 6 ming 300 tonna, “Indorama Agro” MCHJda 5 ming 811 tonna, “Yakkabog‘ Best Seyeds” MCHJda 3 ming 637 tonna va “Koson DMQQ” MCHJda 3 ming 509 tonna urug‘lik don jamg‘arilgan.
Shuningdek, “Qashqadaryodonmahsulotlari” AJda 2 ming 662 tonna, “Kifti-ob baraka chorva” MCHJda 2 ming 174 tonna, “Yakkabog‘ Best Seyeds” MCHJning Nishon filialida 1 ming 930 tonna, “Dunyo-M” AJning Shakarjo‘y filialida 2 ming 598 tonna va “Xushnudbek Durbek Omad 555” MCHJda 1 ming 274 tonna urug‘lik don jamg‘arilgan.
Press-tur doirasida jurnalistlar urug‘lik donni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash, dorilash va sertifikatlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida 2027-yil hosili uchun sifatli urug‘lik zaxirasini shakllantirish, uning sifatini raqamli nazorat qilish va zamonaviy texnologiyalar asosida sertifikatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
[gallery-30792]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari