Qasamyod askarlarga shijoat, ma’naviy ruh beradi
Andijonda muddatli harbiy xizmatchilarning harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda harbiy qism serjant va ofitserlari, askarlarning ota-onalari, yaqinlari, Sharqiy harbiy okrug, viloyat hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Keng maydon uzra saf tortgan harbiy libosdagi askarlar tomonidan O‘zbekiston madhiyasi ijro etildi, so‘ng ular tantanali ravishda qasamyod qabul qildi.
[gallery-17164]
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda milliy armiyamizni mustahkamlash, uning salohiyatini oshirish, umuman, harbiy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida gapirdi.
– Harbiy qasamyod xizmatni a’lo darajada o‘tashimiz uchun biz askarlarga g‘ayrat, shijoat, ulkan ma’naviy kuch beradi, – deydi buxorolik oddiy askar Husanboy Joniqulov. – Ushbu tadbir bir umr yodimdan chiqmaydi, qolaversa, yigitlik burchimni yuqori darajada ado etish, harbiy qasamyodga sodiq, yurtimga munosib farzand bo‘lish, ota-onam, oilam bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytish men uchun yuksak sharafdir.
Harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov,
O‘zA muxbiri