Fuqarolik jamiyati institutlari qanday qo‘llab-quvvatlanmoqda?
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati sezilarli darajada ortib borayotgani qayd etildi. Jamiyat hayotining turli sohalarida muhim tashabbus va loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham yanada kuchaytirildi.
Jumladan, 2025-yilda 184 fuqarolik jamiyati instituti davlat subsidiyalari orqali qo‘llab-quvvatlandi.
Davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklidagi 9 loyihaga 23 milliard so‘m, davlat granti asosidagi 271 loyihaga esa 22 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu kabi qo‘llab-quvvatlash choralari mazkur institutlarning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yanada oshirish, aholining dolzarb muammolarini hal etishda faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jamoat fondining aholi bandligi, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim va sport sohalaridagi faoliyati tahlil qilindi.
Jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan “Bir million daraxt” aksiyasi doirasida 5 mingdan ortiq ko‘chat ekilib, 78 ochiq muloqot o‘tkazildi. “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida 20 tadbir tashkil etildi va ularda 2000 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Ilk bor 5 nafar yurtdoshimizga “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti topshirildi, 29 nafar faol fuqaro “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Hududlarda o‘tkazilgan 254 jamoatchilik nazorati tadbiri doirasida binolar va jamoat joylarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti tanlovida ilk bor fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishi joriy etildi. Ushbu nominatsiya bo‘yicha 26 nafar nomzod tomonidan 150 dan ortiq ijodiy ishlar taqdim etildi.
Joriy yilda ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Ramazon oyi va Navro‘z bayrami munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu tashabbus doirasida Jamoat fondi orqali 100 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlariga 10 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Shuningdek, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari tashkil etildi. Ularda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki va ularning takliflari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Majlisda 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olinib, fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA