Qalblarni faxrga to‘ldirgan saboq
– Mirzo Ulug‘bek nomi bilan yuritiluvchi oliy ta’lim maskanining talabasi ekanimdan faxrlanaman, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Yulduz Zoyirova.
Mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 15-16-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasi hamda Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.
“Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan darslarda O‘zbekiston yoshlari jahon ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarning vorislari ekani, mamlakatimizda navqiron avlod istiqboli yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar, o‘g‘il-qizlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tiborning mazmun-mohiyati keng va atroflicha tushuntirilmoqda.
Ana shunday dars mashg‘uloti Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ham bo‘lib o‘tdi. Unda olimlar, yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, pedagoglar, talaba-yoshlar qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Vahobov, universitet rektori G‘.Muhamedov va boshqalar xalqimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirishga oid ezgu intilishlarda yoshlarda sog‘lom va mustaqil tafakkurni shakllantirish, ularning puxta bilim olishi, kasb-hunar sirlarini egallashi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Jahonda nom qozongan falakshunos olim nomi bilan yuritiluvchi mazkur oliy o‘quv yurti jamiyat hayotining turli jabhalari – ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalar uchun yetakchi mutaxassislar tayyorlovchi maskandir. Bu yerda matematika, fizika, biologiya, kimyo, geologiya va boshqa zamonaviy tarmoqlar bo‘yicha shakllangan ilmiy maktablarning faoliyati xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilgan. Istiqlol yillarida universitetda bugungi taraqqiyotimiz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan bioinformatika, genetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, komputer lingvistikasi, ekologiya, sotsiologiya, siyosatshunoslik kabi bir qancha yangi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani universitetning salohiyat va imkoniyatlari tobora ortib borayotganidan darak beradi. E’tiborga molik jihati, ushbu ilm-fan yo‘nalishlarining dastlabki asoslari va rivojlanish tamoyillari zaminimizda yetishib chiqqan mutafakkirlarning asarlari, izlanish va kashfiyotlari, ma’rifiy merosi bilan uzviy bog‘liqdir.
– Mirzo Ulug‘bek nomi bilan yuritiluvchi oliy ta’lim maskanining talabasi ekanimdan faxrlanaman, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi Yulduz Zoyirova. – Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino, Beruniy, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimizning asarlari bugun ham jahonning yirik universitetlari, ilmiy markazlarida o‘rganilayotgani qalbimizga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining komputer texnologiyalari akademik litseyida ham katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.
Litsey direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Hazratovning ta’kidlashicha, dars mashg‘ulotlariga pedagogik jamoa tomonidan jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Alohida dars ishlanmalari, mavzuga doir materiallar, dars o‘tish texnologik modeli va xaritasi, O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga oid statistik ma’lumotlar, qo‘shimcha foto, video materiallar yaratildi. Mashg‘ulotlarda ilg‘or texnologiyalar, komputer va multimedia vositalaridan keng foydalanilmoqda. Davlatimiz rahbarining xalqaro anjumandagi ma’ruzasi hamda Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zi video lavhalar orqali namoyish etilib, uning mazmun-mohiyati o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari tomonidan yoshlarga keng va atroflicha yetkazib berilmoqda. Mashg‘ulot doirasidagi o‘quv-seminarda o‘quvchilar mavzuga oid qizg‘in bahs-munozaraga kirishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
– Prezidentimizning xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasi mazmun-mohiyatining o‘rganilishi birgina dars mashg‘uloti bilan cheklanib qolmay, “Ma’naviyat soatlari”da ham o‘quvchilarga atroflicha tushuntirilmoqda, – deydi tarix fani o‘quvchisi Akbarali Fayzullayev. – Shu bilan birga, “O‘zbekiston tarixi”darsida birinchi kursda, “Jahon tarixi” fanining “Dunyo siyosiy xabarlari” rukni ostida ikkinchi kursda, “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” predmeti bo‘yicha uchinchi kursda o‘quvchilarga atroflicha singdirib borilmoqda.
Litsey o‘quvchisi, fizika fani bo‘yicha respublika fan olimpiadasi ishtirokchisi Farhod Norbekovning aytishicha, ushbu o‘quv mashg‘ulotlari barcha yoshlar kabi uning ham qalbiga cheksiz g‘urur bag‘ishlashi bilan birga, a’lo o‘qish, Vatan kelajagi va taqdiri, uning mustaqilligi, musaffo osmonini asrab-avaylash yo‘lida mas’uliyatni chin yurakdan anglashga chorlayotir.