Qalami bilan jamiyatga xizmat qilgan jurnalist
Ochig‘ini aytaman, Norbo‘ta G‘oziyev biz kabi yosh jurnalistlar uchun ham ibrat, ham kasbga sadoqat, ham tajriba maktabidir. Oliygohni tamomlab, viloyat gazetasida faoliyatimizni boshlagan dastlabki yillarda ustoz jurnalistlarning maqolalarini o‘qib, ba’zan taqlid qilib, ba’zan uslubini o‘g‘irlab material tayyorlashga harakat qilardik. Boisi tahririyatda tartib qattiq, mas’ul kotib janoblari uncha-buncha materiallarni o‘tkazmaydi. Har sonda bir tutamgina bo‘lsa-da biror narsang chiqmasa, cho‘ntakka zarar. Mana shunday ustozlar qatorida Norbo‘ta G‘oziyev ham bor edi. Huquqiy mavzularda biror maqola tayyorlash kerak bo‘lsa, “Adolat kuchi”dan adolat izlardik.
Jurnalistika – faqat kasb emas, balki jamiyat dardini his etish, haqiqatni himoya qilish va odamlar manfaatiga xizmat qilish mas’uliyatidir. Ana shu ezgu tamoyillarga yarim asrdan ziyod vaqt davomida sodiq qolib kelayotgan fidoyi ijodkorlardan biri Norbo‘ta G‘oziyevdir.
51 yillik mehnat faoliyati davomida ustoz qayerda ishlamasin, o‘zining tashkilotchiligi, talabchanligi va yuksak mas’uliyati bilan hamkasblari hurmatiga sazovor bo‘ldi. 2010-yildan buyon “Adolat kuchi” ijtimoiy-huquqiy gazetasi bosh muharriri sifatida samarali mehnat qilib kelmoqda. U kishining rahbarligida gazeta mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, obunachilar soni ortdi va mamlakatdagi nufuzli huquqiy nashrlardan biriga aylandi.
Norbo‘ta G‘oziyev rahbarlik faoliyati bilan cheklanib qolmasdan, qalamkash sifatida ham sermahsul ijod qilmoqda. Huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy mavzulardagi tahliliy va tanqidiy maqolalari orqali ko‘plab dolzarb muammolarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqdi. Yuzdan ortiq maqolalari aholi murojaatlariga yechim topishga, joylardagi kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qildi.
Bugun ustoz jurnalistlar gurunglarida Norbo‘ta G‘oziyevning o‘z davrida mardona turib yozgan tanqidiy maqolalari va o‘z navbatida bu rahbarlarga ma’qul kelmaganini, hatto bir gal tanqiddan keyin muammolari hal bo‘lgan bir guruh qishloq aholisi ishxonasiga kelib rahbariyatdan ustozning ishda qoldirilishi shartini qo‘yganligini ham ko‘p eslashadi.
Fidoyi jurnalistning yana bir muhim fazilati ustozlik an’anasiga sodiqligidir. U kishining tarbiyasini olgan ko‘plab shogirdlar bugun respublika va viloyat ommaviy axborot vositalarida, ijodiy tashkilotlarda mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilib kelmoqda.
[photobank-30110]
Ustozning mehnati munosib e’tirof etilgan. U respublika va viloyat miqyosidagi qator ijodiy tanlovlar g‘olibi, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi sovrindori, “Mustaqillik – huquq demak” tanlovining bir necha karra g‘olibi hisoblanadi.
Kasbiga sadoqat, haqiqatga hurmat va inson manfaatlariga xizmat qilishni hayotining bosh mezoniga aylantirgan Norbo‘ta G‘oziyev bugun ham yosh jurnalistlar uchun munosib ustoz, hamkasblari uchun esa ibrat maktabidir. U kishining sermazmun ijodi va samarali faoliyati milliy jurnalistika taraqqiyotiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari