Oramizdagi zamondoshlarimiz
Haq so‘zni aytish sharafli,
adolatni yuzaga chiqarish o‘ta mashaqqatli ish. Jurnalistlar ana shu yo‘lda mehnat qilib kelayotgan kasb egalaridir. G‘ulom Sultonov ham ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasbni tanlaganlardan.

Taniqli jurnalist, uzoq yillar Navoiy viloyat teleradiokompaniyasini boshqargan G‘ulom Sultonov mehnat faoliyatini 1984 yilda viloyat radiosida muxbirlikdan boshlagan. U 1985-1987 yillarda Afg‘onistonda harbiy xizmatda bo‘lib, “O‘zbekiston” radiosining “Yoshlik” radiostansiyasiga chet eldan birinchi ovozli reportajlar berishni yo‘lga qo‘ygan. Harbiy xizmatdan qaytib kelgach, yana viloyat radiosida faoliyatini davom ettirdi.
U Navoiyda O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib nodavlat televideniyesini tashkil etib, ushbu televideniyeda muharrir, direktor lavozimlarida ish olib borgan.

Teleradio sohasida olib borgan faoliyati davomida u o‘zining bilimi, dunyoqarashi keng ijodkor, tashkilotchi rahbar, yangiliklarni ish jarayoniga tadbiq eta olishi bilan jamoada hurmat qozongan. U teleradiokompaniya direktori vazifasida ishlagan yillarida sohada tub burilish yasay olgan rahbardir. G‘.Sultonov tashabbuskor rahbar sifatida ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi tufayli viloyat teleradiokompaniyasi eshittirish va ko‘rsatuvlarida mazmun jihatdan o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi.

– Esimda, men u kishi bilan birga 2005 yil 14 maydan boshlab bir necha kun davomida Andijonda bo‘lib, “Andijon voqealari”ni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, – deydi ayni paytda Qozog‘iston davlatida faoliyat olib borayotgan shogirdlaridan biri Marks Duzelbayev. – O‘sha paytlarda chet el ommaviy axborot vositalari bu voqealarni bo‘rttirib ko‘rsatishga urinar, xalqimizni tahlikaga solishga, chalg‘itishga intilardi. Shu sababli ham G‘ulom Sultonov ushbu voqealarning asl holati, g‘alamislarning yovuz maqsadini xalqimizga tushuntirish maqsadida bir necha kun davomida Navoiy viloyat televideniyesi va radiosi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportajlar uzatdi, ko‘rsatuvlar tayyorladi. U yerdan tayyorlanib, viloyat teleradiosida uzatilgan o‘ndan ortiq reportajlarida yurt tinchligini buzishga uringan kimsalar va kuchlarning yovuz basharasi ochib tashlangandi.
G‘.Sultonovning tashabbusi bilan viloyatda yashab, mehnat qiluvchi qozoq millati vakillarining talab va istaklari inobatga olinib, “Altыn aymaq” ko‘rsatuvi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘n yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Istiqloldan ziyo topgan yurt” respublika tanlovida “Eng yaxshi telejurnalist” nominatsiyasi g‘olibligini, shuningdek, “O‘zliging namoyon qil” respublika tanlovida “Eng yaxshi boshlovchi” yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Darvoqe, u 2010-2019 yillarda “Navoiyazot” AJ ga qarashli “Shirin” madaniyat saroyi direktori lavozimida ishlagan vaqtida viloyatimizda o‘tadigan bayram tadbirlarining rejissyori sifatida ham o‘z salohiyatini namoyon qildi. Madaniyat saroyida “Xalq raqs ansambli”, “Namunali jamoa” unvonlariga sazovor bo‘lgan to‘rtta bolalar raqs jamoasini, teatr-studiya, tasviriy va amaliy san’at studiyalarini tashkil etdi.
2019 yilda Navoiy viloyat “Fidoiy yoshlar teleklubi” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etib, ayni paytda Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda vatanparvar, fidoiy va tashabbuskor yosh ijodkor va jurnalistlarni izlab topish, kasbga tayyorlash borasida samarali faoliyat olib bormoqda. Natijada “Yosh jurnalistlar” maktabi tashkil etilib, uning a’zolari tomonidan “Kelajak yoshlari” teleloyihasi efir yuzini ko‘rdi. Hozirgacha loyihaning 150 dan ortiq sonlari viloyat televideniyesida efirga uzatildi.
Darvoqe, G‘ulom aka bir necha bor hayot sinovlarini yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Hayotning achchiq zarbalari, yo‘qotishlarini sabr va matonat bilan qarshi oldi va o‘zi tanlagan yo‘l – jurnalistika sohasida dadil odimlayverdi. Viloyat jurnalistikasi, televideniyesi rivojiga hissa qo‘shida davom etdi.
– Bolaligimizda televideniyeda asosan 3 ta kanal bo‘lardi: “O‘zbekiston”, “Yoshlar” va “Navoiy”. “Navoiy” telekanalida efir vaqti tugaganidan so‘ng dastur rahbari deya G‘ulom Sultonov ismi yozilardi, – deydi jurnalist Ruslan Saburov. – Maktabimizda esa G‘ulom Sultonov ismli musiqa o‘qituvchisi ham bo‘lardi. Bolamanda, o‘qituvchimiz televideniyeda ham ishlar ekan, deb o‘ylardim. Ulg‘ayib, jurnalistika sohasiga kirib kelgach G‘ulom akani tanidim. Ha, G‘ulom Sultonov Navoiy viloyatida televideniye sohasida katta tajribaga ega, o‘z maktabini yarata olgan jurnalist. Uzoq yillar Navoiy teleradiokompaniyasiga rahbarlik qildi, ko‘plab shogirdlar tayyorladi. Umuman, viloyatda televideniye sohasini G‘ulom akaday chuqur tushunadigan inson kam. G‘ulom aka doim yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, yangi iste’dodlarni izlab topishga harakat qilib kelgan. Buni bir men emas, viloyatdagi ko‘plab jurnalistlar, shogirdlari ham e’tirof qiladi.
G‘.Sultonov jurnalistika sohasidagi qariyb 40 yillik, teleradiokompaniya rahbari sifatidagi 17 yillik faoliyati davomida islohotlarga hissa qo‘shishi, odamlar quvonch va tashvishlariga sherik bo‘lishi uchun har bir ishga katta mas’uliyat va shijoat bilan yondoshib keldi.
G‘ulom Sultonov qayerda ishlamasin, iqtidorli, salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularning bilim va malakalarini oshirishga, yangilikka intiluvchanlik ruhida tarbiyalashga harakat qiladi. Ayni paytda u “Fidoiy yoshlar teleklubi” nodavlat notijorat tashkilotida yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri