Putin G20 sammitida qatnashadimi? (+video)
AQSH Vladimir Putinni Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga rasman taklif qildi. YeI esa o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligi, Rossiya va Ukraina urushiga muayyan baho berishini bildirdi. Bu haqda "Euronews" xabar tarqatgan.
Putin yuqori darajadagi ushbu forumda ishtirok etish taklifini qabul qilish yoki qilmasligidan qat’i nazar, Yevropa Ittifoqi Mayamida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi G20 sammitidan Rossiya va Ukraina urushini yana bir bor qoralash uchun foydalanmoqchi.
YeI G20ning to‘laqonli a’zosi, tadbirda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta ishtirok etadi.
– G20 mavjud va paydo bo‘layotgan global muammolarni muhokama qilish uchun muhim maydon hisoblanadi, – dedi YeK rasmiy vakili o‘rinbosari Olaf Gill. – Ayrim masalalar Rossiya – Ukraina urushi bilan bevosita bog‘liq. 2022-yildan beri YeI G20 doirasidagi uchrashuvlardan mazkur nizoni izchil va qat’iy qoralash hamda to‘xtatishni talab qilish uchun foydalanib kelmoqda. Aytish mumkinki, YeI yondashuvi G20 muayyan uchrashuvida kim ishtirok etishidan qat’i nazar, o‘zgarmaydi.
Davlat kotibi Marko Rubio AQSH raislik qilayotgan G20 sammitiga Vladimir Putinni rasman taklif qilganini tasdiqladi. Anjumanni Prezident Donald Tramp Mayamidagi o‘zining golf kurortida o‘tkazadi.
– Bu nafaqat Prezident, balki boshqa dunyo yetakchilari bilan ham muloqot qilish uchun imkoniyat, – dedi Rubio. – Putin taklifni qabul qilishidan umidvormiz. Bizga javoban Kreml taklifdan minnatdorligi va bunday munosabatni yuqori baholashini bildirib, imkoniyatni sinchiklab o‘rganishini ma’lum qildi.
Putin urush boshlanganidan beri G20 sammitlarida ishtirok etmayapti. U oxirgi marta 2019-yil Osakada o‘tgan tadbirda shaxsan qatnashgan, 2020 va 2021-yillarda esa video konferensiya orqali chiqish qilgan.
Ayni xabar Yevropada xavotir uyg‘otdi. Qit’a davlatlari rahbarlari Putin va uning atrofidagi shaxslarni xalqaro miqyosda ixotalashga izchil harakat qilib kelmoqda. Tramp ma’muriyati esa bu strategiyaga amal qilmay, Rossiya yuqori darajadagi uchrashuvlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlayapti.
Ayni payt Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Mayamidagi sammit Tramp va Putin bilan anchadan beri taklif qilib kelayotgan uch tomonlama uchrashuvni o‘tkazish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, (video) O‘zA