PSJ maydon holati sabab 150 ming yevro jarimaga tortildi
Bunga Parij klubi reglament talablarini buzib, “Park de Prens” stadionidagi maydon qoplamasini talab darajasida saqlay olmagani sabab bo‘lgan.
Fransiya Professional futbol ligasi (LFP) PSJ klubini 150 ming yevro miqdorida jarimaga tortdi.
Bunga Parij klubi reglament talablarini buzib, “Park de Prens” stadionidagi maydon qoplamasini talab darajasida saqlay olmagani sabab bo‘lgan. Natijada Liga 1 birinchi turidan o‘rin olgan PSJ — “Renn” uchrashuvi shoshilinch ravishda raqib maydoniga ko‘chirilgan.
LFP intizom qo‘mitasi qarorida jazo maydon qoplamasi sifatiga qo‘yiladigan talablar hamda klubda zaxira stadion mavjud bo‘lishi haqidagi reglament bandlari asosida qo‘llangani qayd etilgan.
Shu bilan birga, jamoalar o‘rtasidagi 23-tur uchrashuvi Parijda o‘tkaziladi.
“Renn” esa birinchi uchrashuvni boshqa stadionga ko‘chirish bo‘yicha chiqarilgan qaror ustidan Fransiya Milliy olimpiya qo‘mitasiga shikoyat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.